
JIDUda Markaziy bankning moliyaviy nazorat sohasidagi vakolatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
JIDUda Markaziy bankning moliyaviy nazorat sohasidagi vakolatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 31-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi katta o‘qituvchilari M.Ibragimova va D.Soliyevlar tashabbusi bilan “Moliya va soliq huquqi” fani doirasida “Markaziy bankning moliyaviy nazorat sohasidagi vakolatlarini huquqiy tartibga solish” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Amaliy nashg‘ulotda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Yuridik departament boshqarma boshlig‘i Kobulov Baxtiyor Odiljon o‘g‘li ishtirok etib, talabalarga Markaziy bankning moliyaviy nazorat sohasidagi vakolatlari, bank tizimini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlari hamda ushbu sohadagi milliy qonunchilikning o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Mazkur mahorat darsi davomida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining huquqiy maqomi, banklar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi, prudensial normativlar, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash mexanizmlari hamda bank qonunchiligi talablarini buzganlik uchun qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlari asosida Markaziy bankning nazorat funksiyalari va ularni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi. Bank tizimining barqarorligi va shaffofligini ta’minlash iqtisodiy o‘sish hamda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishning muhim sharti sifatida 8-maqsad — “Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish” (BRM – 8) bilan uzviy bog‘liqdir.
Mashg‘ulotning muhim jihati nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan bog‘lash, talabalarda moliyaviy-huquqiy munosabatlarni tahlil qilish, normativ-huquqiy hujjatlarni sharhlash hamda huquqiy muammolarga mustaqil yondashish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilganligi bilan belgilanadi. Amaliyotchi mutaxassisning bevosita ishtiroki talabalarga huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb masalalari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Bu esa sifatli va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni ta’minlash orqali 4-maqsad — “Sifatli ta’lim” (BRM – 4) ga erishishga xizmat qiladi.
Moliyaviy nazorat institutlarining qonuniylik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosida faoliyat yuritishi to‘g‘risidagi bilimlarni yoshlar ongiga singdirish jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qilib, 16-maqsad — “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” (BRM – 16) ni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, ta’lim muassasasi va moliya sohasi mutaxassislari o‘rtasidagi bunday hamkorlik 17-maqsad — “Maqsadlar yo‘lida hamkorlik” (BRM – 17) ni amalga oshirishga ham hissa qo‘shadi.
Umuman olganda, mazkur mahorat darsi talabalarning bank-moliya tizimi faoliyatini huquqiy tartibga solish sohasidagi bilimlarini mustahkamlash, ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda nazariya va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi samarali ta’limiy-huquqiy amaliyot sifatida baholanishi mumkin.




