
JIDUda tovarlar savdosini huquqiy tartibga solishga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
JIDUda tovarlar savdosini huquqiy tartibga solishga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 19-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi professor-o‘qituvchilari U.Kodirov va D.Soliyev tashabbusi bilan “Xalqaro savdo huquqi” fani doirasida “Trade in Goods” (Tovarlar savdosi) mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Amaliy mashg‘ulotda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi MDH mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi savdo bo‘limi boshlig‘i Belova Anastasiya Valeryevna ishtirok etib, talabalarga tovarlar savdosini xalqaro va milliy darajada huquqiy tartibga solish, tashqi savdo siyosatini amalga oshirish mexanizmlari hamda MDH mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan ma’lumot berdi.
Mazkur mahorat darsi davomida tovarlar savdosiga oid xalqaro huquqiy asoslar, xususan, Jahon savdo tashkiloti tizimidagi asosiy tamoyillar - eng qulay millat rejimi va milliy rejim, tarif va notarif tartibga solish choralari, shuningdek, MDH doirasidagi erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi shartnoma asosida amalga oshirilayotgan savdo munosabatlari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuv jarayonlarining amaliy masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Savdoni rivojlantirish iqtisodiy o‘sish va bandlikni ta’minlashning muhim omili sifatida 8-maqsad - “Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish” (BRM – 8) bilan uzviy bog‘liqdir.
Mashg‘ulotning muhim jihati nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan bog‘lash, talabalarda xalqaro savdo munosabatlarini tahlil qilish, xalqaro shartnomalar va milliy normativ-huquqiy hujjatlarni sharhlash hamda savdo siyosati masalalariga mustaqil yondashish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilganligi bilan belgilanadi. Davlat organi vakilining bevosita ishtiroki talabalarga tashqi savdo sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb masalalari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Bu esa sifatli va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni ta’minlash orqali 4-maqsad - “Sifatli ta’lim” (BRM – 4) ga erishishga xizmat qiladi.
Ochiq, qoidalarga asoslangan va kamsitishsiz ko‘p tomonlama savdo tizimini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlanayotgan mamlakatlar eksportini oshirish Barqaror rivojlanish maqsadlarining 17-maqsadi - “Maqsadlar yo‘lida hamkorlik” (BRM – 17) ning savdoga oid vazifalari bilan bevosita mos keladi. Shu bilan birga, ta’lim muassasasi va davlat organlari o‘rtasidagi bunday hamkorlik ham ushbu maqsadni amalga oshirishga hissa qo‘shadi.




