
JIDUda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqi tizimida majburiyatlar vujudga kelishi, ahamiyati va boshqa huquq tarmoqlari bilan aloqadorligi muhokama qilindi
JIDUda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqi tizimida majburiyatlar vujudga kelishi, ahamiyati va boshqa huquq tarmoqlari bilan aloqadorligi muhokama qilindi

Joriy yilning 24-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqida majburiyatlar vujudga kelishi, ahamiyati va boshqa huquq tarmoqlari bilan aloqadorligi ” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Mahorat darsida Toshkent shahar “Baxronov Consult” advokat byurosidan advokat yordamchisi Ro‘ziboyev Asilbek Otabek o‘g‘li va Toshkent shahar tumanlararo Iqtisodiy sudi sudya yordamchisi Sa’dullayev Akobir Nurbek o‘g‘li, “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda “Xalqaro huquq” fakulteti 2-kurs talabalari ishtirok etishdi.
Mahorat darsida Toshkent shahar “Baxronov Consult” advokat byurosidan advokat yordamchisi va Toshkent shahar tumanlararo Iqtisodiy sudi sudya yordamchisi tomonidan tinglovchilar ishtirokida – fuqarolik huquqi tizimida majburiyatlar tushunchasi, uning vujudga kelishi, turlari, majburiyatning taraflari, uchinchi shaxsga yuklanishi va muddatlari, boshqa huquq tarmoqlari bilan aloqador taraflari va chet el davlatlari, xususan, Germaniya fuqarolik huquqi tizimi bilan o‘xshash va farqli taraflari muhokama qilindi.
Ushbu mahorat darsi majburiyatlar huquqi sohasiga bag‘ishlangan bo‘lib, u Barqaror rivojlanishning 16-maqsadi – “Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar barpo etilishiga ko‘maklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni ta’minlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor hamda keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish” mazmuniga to‘liq mos keladi.
Ayniqsa, 16.3-band – “Qonun ustuvorligiga ko‘maklashish hamda barcha uchun odil sudlovdan foydalanish bo‘yicha teng imkoniyatlarni ta’minlash” tamoyillari majburiyatlar huquqida shartnomalar erkinligi, odil sudlov, shartnomaviy munosabatlarda taraflarning teng huquqliligi va majburiyatlarning adolatli bajarilishini ta’minlash bilan chambarchas bog‘liqdir.
Mazkur mahorat darsi majburiyatlarning kelib chiqishi, ularning bajarilish tartibi va huquqiy oqibatlarini o‘rganish orqali talabalarda huquqiy ong, mas’uliyat va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqlikni shakllantirishga xizmat qiladi.
Mahorat darsi yakunida O’zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqiy tizimida majburiyatlar mazmuni yoritib berildi, kamchiliklari o‘rganildi va takomillashitirish kerak bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.




