
BRM 4 va BRM 9: UWED o‘qituvchisi Matematika institutining ilmiy seminarida differensial o‘yinlar bo‘yicha ma’ruza qildi
BRM 4 va BRM 9: UWED o‘qituvchisi Matematika institutining ilmiy seminarida differensial o‘yinlar bo‘yicha ma’ruza qildi

2026-yil 13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti “Dinamik sistemalar va ularning tatbiqlari” laboratoriyasining “Konfliktli jarayonlarning matematik modellari” ilmiy seminarida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Tizimli tahlil va matematik modellashtirish kafedrasi o‘qituvchisi Madina Kazakova “The planar pursuit-evasion game with rigid segments” (“Qattiq kesmalar bilan tekislikdagi quvish-qochish differensial o‘yini”) mavzusida ilmiy ma’ruza qildi. Seminarga akademik Abdulla Azamov va professor G‘.I. Ibragimov rahbarlik qiladi. Seminar institutda va Zoom platformasi orqali onlayn tarzda o‘tkazildi.
Ma’ruzada konfliktli jarayonlarning matematik modeli, quvuvchi va qochuvchining harakatlari hamda ular o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir differensial o‘yinlar nazariyasi asosida tahlil qilindi. Bunday modellar kelgusida boshqaruv, optimallashtirish, harakatni rejalashtirish va murakkab dinamik jarayonlarni modellashtirish kabi amaliy masalalarni hal etishda nazariy asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Mazkur faoliyat Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi – “Sifatli ta’lim” (4.3 va 4.4-vazifalar) bilan bog‘liq: ilmiy seminarda tadqiqot natijalarini taqdim etish oliy ta’lim va ilmiy muhitda bilim almashish, yuqori darajadagi matematik va analitik kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadqiqot 9-maqsad – “Sanoat, innovatsiya va infratuzilma”ning 9.5-vazifasiga, ya’ni ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ilmiy salohiyatni oshirish va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishiga mos keladi.




