
JIDU talabalari Islom sivilizatsiyasi markaziga ma’rifiy tashrif buyurdilar
JIDU talabalari Islom sivilizatsiyasi markaziga ma’rifiy tashrif buyurdilar

2026-yil 24-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Xalqaro munosabatlar fakulteti 1-kurs talabalari «Dinshunoslik» fani doirasida Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. Ma’rifiy tadbir fan o‘qituvchisi Qayumova Kamola rahbarligida tashkil etildi.
Tashrifning asosiy maqsadi talabalarda islom sivilizatsiyasining tarixiy taraqqiyoti, uning ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Sharq mutafakkirlarining boy ilmiy-ma’naviy merosi haqida yaxlit tasavvur hosil qilishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida talabalar Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishib, musulmon Sharqida ilmiy tafakkur va ma’rifat rivojlangan tarixiy davrlar, buyuk allomalarning ilmiy izlanishlari hamda ularning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’siri haqida ma’lumot oldilar. Tarixiy va madaniy meros namunalari talabalarga islom sivilizatsiyasini nafaqat diniy, balki ilmiy, falsafiy va madaniy hodisa sifatida ham anglash imkonini berdi.
Mazkur tashrif «Dinshunoslik» fanining nazariy mazmunini amaliy bilimlar bilan boyitish, talabalarning tarixiy tafakkuri va ilmiy dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, u yoshlarning boy tarixiy merosga hurmatini oshirish, diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unligini anglash hamda turli sivilizatsiyalarning insoniyat taraqqiyotidagi o‘rnini chuqurroq tushunishlariga xizmat qildi.
| Sana: | 25.10.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 69 |
| Ulashish: |




