
JIDUda Abdulxay Mo‘minov xotirasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
JIDUda Abdulxay Mo‘minov xotirasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 25-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yurtimiz ilmiy hamjamiyatining taniqli vakili, huquqshunos-olim va pedagog, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Abdulxay Rashidovich Mo‘minov xotirasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda marhum olimning boy ilmiy merosi, milliy huquq ta’limi rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda yuksak insoniy fazilatlari alohida e’tirof etildi.
Abdulxay Rashidovich 20-yildan ortiq vaqt mobaynida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida faoliyat yuritib, xalqaro huquq va inson huquqlari sohasida milliy ilmiy maktab shakllanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Uning rahbarligida YUNESKOning «Inson huquqlari va xalqaro huquq» kafedrasi xalqaro nufuzga ega ilmiy-ta’lim markaziga aylandi.
Tadbirda olimning ilmiy merosi, milliy huquq ta’limiga qo‘shgan bebaho hissasi hamda ustoz sifatidagi o‘rni alohida qayd etildi. Uning porloq hayoti va ilmiy an’analari kelajak avlod uchun ilhom manbai sifatida e’tirof etildi.
1997–2018-yillarda u JIDU qoshidagi YUNESKOning «Inson huquqlari va xalqaro huquq» kafedrasida faoliyat yuritib, uni xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ta’lim markaziga aylantirdi. Uning tashabbusi bilan o‘quv dasturlari modernizatsiya qilindi, yosh olimlar maktabi shakllantirildi hamda YUNESKO, BMT va Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
A.R. Mo‘minov JIDUdan tashqari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamda Xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham dars bergan. U xalqaro huquq sohasida malakali kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutgan. Uning «Xalqaro huquq», «Inson huquqlari», «Xalqaro tashkilotlar huquqi», «Xalqaro shartnomalar huquqi» kabi darsliklari bugungi kunda ham oliy ta’lim tizimida asosiy manba sifatida qo‘llanilmoqda.
Olim Oksford, Lund, Uppsala va Jorj Vashington universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, talabalar va mutaxassislar uchun xalqaro tajriba almashinish va malaka oshirish imkoniyatlarini yaratdi.
2018–2020-yillarda A.R. Mo‘minov Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazda «Xalqaro shartnomalar implementatsiyasi» bo‘limi rahbari sifatida faoliyat yuritib, O‘zbekistonning xalqaro huquqiy majburiyatlarini milliy qonunchilikka tatbiq etish jarayonlariga munosib hissa qo‘shdi. U 100 dan ortiq ilmiy asar muallifi bo‘lib, 2020-yilda «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Abdulxay Rashidovich Mo‘minovning ilmiy merosi va ustozlik faoliyati yurtimiz ilmiy muhiti uchun muhim bilim va an’ana manbai bo‘lib qolmoqda. Anjuman yakunida olimning ilmiy merosini yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.



