
BRM 4 – Sifatli ta’lim: talabalar ochiq iqtisodiyot makroiqtisodiyotida Barqaror rivojlanish maqsadlarini o‘rgandi
BRM 4 – Sifatli ta’lim: talabalar ochiq iqtisodiyot makroiqtisodiyotida Barqaror rivojlanish maqsadlarini o‘rgandi

2026-yil 13–14-may kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD F.A. Bekmurodova tomonidan 2-kurs talabalari uchun “Makroiqtisodiyot” fani doirasida “Sustainable Development Goals in Open Economy Macroeconomics” mavzusida dars mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotda ochiq iqtisodiyot sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlarining mazmun-mohiyati, ularning jahon va milliy iqtisodiyot rivojlanishidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Iqtisodiy o‘sish, kambag‘allikni qisqartirish, sifatli ta’lim, ekologik barqarorlik va xalqaro hamkorlik kabi yo‘nalishlarning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan bog‘liqligi muhokama qilindi.
Dars davomida siyosiy vaziyat va geosiyosiy jarayonlarning iqtisodiyotga ta’siri ham alohida ko‘rib chiqildi. Talabalarga xalqaro ziddiyatlar, savdo cheklovlari, inflyatsiya, energetika inqirozlari va investitsion muhitdagi o‘zgarishlarning mamlakatlar rivojlanishi hamda SDG maqsadlariga ta’siri amaliy misollar asosida tushuntirildi.
Mashg‘ulot interaktiv tarzda tashkil etildi: talabalar kichik guruhlarda ochiq iqtisodiyot sharoitida barqaror rivojlanishni ta’minlash yo‘llari, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar tajribasi hamda zamonaviy global iqtisodiy muammolar bo‘yicha taqdimotlar tayyorlab, fikr almashdilar. Shuningdek, xalqaro tashkilotlarning barqaror rivojlanish yo‘nalishidagi faoliyati, iqtisodiy siyosatning aholi farovonligiga ta’siri, ekologik va ijtimoiy barqarorlik masalalari yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.
Mazkur mashg‘ulot talabalarga makroiqtisodiyot nazariyasini zamonaviy global jarayonlar bilan bog‘lash, tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va xalqaro iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.




