
JIDUda “Yashil isteʼmol – sogʻlom hayot sari qadam” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi
JIDUda “Yashil isteʼmol – sogʻlom hayot sari qadam” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 23-oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi va JIDU Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashi hamkorligida “Yashil isteʼmol – sogʻlom hayot sari qadam” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) doirasida oʻtkazilib, unda sogʻlom turmush tarzi, gender tengligi, masʼuliyatli isteʼmol va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirni JIDU Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashi raisi, professor E. Sultanova kirish soʻzi bilan ochib berdi. E.Sultanova ekologik madaniyatni shakllantirish, yoshlar va xotin-qizlar orasida ongli, masʼuliyatli isteʼmol koʻnikmalarini rivojlantirish barqaror taraqqiyotning muhim omili ekanini taʼkidladi.
Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Ekologik partiya vakillari, mutaxassislar, universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdi. Maʼruzalarda yashil isteʼmol va ekologik transformatsiya, ekologik omillarning xotin-qizlar salomatligiga taʼsiri hamda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish masalalari yoritildi.
Maʼruzalardan soʻng savol-javob tarzida qizgʻin muhokama boʻlib oʻtdi. Talabalar ekologik muammolar, kundalik hayotda resurslardan oqilona foydalanish va sogʻliqni asrash boʻyicha oʻz fikr va takliflarini bildirdilar.
Ishtirokchilar bunday tadbirlar yoshlar, xususan, xotin-qizlarning ekologik ongini yuksaltirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi faol ishtirokini taʼminlashga xizmat qilishini qayd etdilar.




