
JIDU rektori MDH Parlamentlararo Assambleyasining madaniyat, axborot, turizm va sport masalalariga bag‘ishlangan majlisida ishtirok etdi
JIDU rektori MDH Parlamentlararo Assambleyasining madaniyat, axborot, turizm va sport masalalariga bag‘ishlangan majlisida ishtirok etdi

Joriy yilning 22-oktabr kuni Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi Madaniyat, axborot, turizm va sport bo‘yicha doimiy komissiyasining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi parlamentlari a’zolari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev majlisni ochar ekan, mazkur tadbir O‘zbekiston uchun MDH mamlakatlari o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, gumanitar aloqalarni kengaytirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida kun tartibiga kiritilgan keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, arxiv ishi, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, adaptiv jismoniy tarbiya, talabalar va professional sport, ijodiy uyushmalar faoliyati sohalarida namunaviy qonun hujjatlarini ishlab chiqish va takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, tarixiy xotirani saqlash va turizm sohasida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda MDHga a’zo davlatlarning o‘zaro hamkorligi sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash masalasi muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar madaniyat, axborot, turizm va sport sohalari MDH xalqlarini yaqinlashtirish, umumiy tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda yosh avlodni do‘stlik va hurmat ruhida tarbiyalashda alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
Ushbu yo‘nalishlarda parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, yoshlar, ta’lim va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish, barqaror turizmni qo‘llab-quvvatlash hamda ommaviy sportni ommalashtirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, majlisda Doimiy komissiyaning vakolatiga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.



