
JIDU talabalari 2030-yilgacha kambag‘allikka barham berish bo‘yicha barqaror rivojlanish strategiyalarni muhokama qildilar
JIDU talabalari 2030-yilgacha kambag‘allikka barham berish bo‘yicha barqaror rivojlanish strategiyalarni muhokama qildilar

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) katta o‘qituvchi Nilufar Yunusova rahbarligida Birlashgan Millatlar Tashkilotining kambag‘allikka barham berishga qaratilgan xalqaro yondashuvlariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mashg‘ulot BMTning “Barqaror rivojlanish sohasidagi 2030-yil kun tartibini amalga oshirish doirasida kambag‘allikka barham berishni jadallashtirish” konseptual hujjati asosida o‘tkazilib, unda kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy inklyuziya va barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi.
Ingliz tilida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulot davomida ishtirokchilar Barqaror rivojlanish maqsadlarining 1-maqsadi (BRM 1) — “Kambag‘allikka barham berish” hamda BMTning “Hech kimni ortda qoldirmaslik” (Leave No One Behind) tamoyili bilan yaqindan tanishdilar.
Muhokamalarda kambag‘allikning ijtimoiy-iqtisodiy hodisa ekanligiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, kambag‘allik nafaqat daromadlarning yetishmasligi, balki sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash xizmatlari, ijtimoiy himoya, munosib mehnat sharoitlari va asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining cheklanganligi bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.
Mashg‘ulot davomida inklyuziv iqtisodiy o‘sish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini ta’minlash, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi ustuvor yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Interaktiv muhokamalar orqali ishtirokchilar kambag‘allikka qarshi kurashishda davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va fuqarolik jamiyatining o‘zaro hamkorligi muhimligini tahlil qildilar.
Mazkur o‘quv mashg‘uloti ishtirokchilarning global rivojlanish jarayonlari, xalqaro boshqaruv mexanizmlari hamda barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro siyosat haqidagi bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Ushbu tashabbus JIDUning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, talabalarning global muammolarga nisbatan mas’uliyatli yondashuvini shakllantirish hamda barqaror va inklyuziv taraqqiyotga hissa qo‘sha oladigan mutaxassislarni tayyorlash borasidagi sa’y-harakatlarini aks ettiradi.



