
Xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha master-klass: “Hybrid Warfare and Hostilities in Cyberspace”
Xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha master-klass: “Hybrid Warfare and Hostilities in Cyberspace”

2025-yil 18-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro gumanitar huquq” fani doirasida Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi dotsenti Sh.M. Hamdamova rahbarligida 4-bosqich talabalari uchun “Hybrid Warfare and Hostilities in Cyberspace” (“Gibrid urush va kiber makonda harbiy harakatlar olib borilishi”) mavzusida master-klass o‘tkazildi.
Tadbirda taklif etilgan mutaxassis — Estoniyadagi Tartu universiteti ilmiy xodimi, xalqaro gumanitar huquq hamda zamonaviy qurolli mojarolar sohasidagi ekspert Yaroslav Galeev ishtirok etdi.
Ma’ruzachi o‘z chiqishida zamonaviy qurolli mojarolarning xarakteri transformatsiyasini, harbiy harakatlarning an’anaviy jang maydonlaridan tashqariga kengayishini, shuningdek, kiber makonning zamonaviy xalqaro xavfsizlik tizimidagi tobora ortib borayotgan rolini tahlil qildi. Xususan, kiberoperatsiyalar va gibrid harbiy strategiyalar sharoitida xalqaro gumanitar huquq normalarini qo‘llash bilan bog‘liq huquqiy muammolarga alohida e’tibor qaratildi.
Yaroslav Galeev kiberoperatsiyalarning huquqiy tasnifi, kiber makonda atributsiya muammosi, gibrid mojarolar sharoitida xalqaro gumanitar huquq va xalqaro inson huquqlari huquqi o‘rtasidagi nisbat, shuningdek, kiberhujumlarni xalqaro huquq doirasida qurolli hujum sifatida tan olishdagi murakkabliklarni batafsil yoritdi.
Mazkur master-klass talabalarining analitik salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy qurolli mojarolar sharoitida xalqaro gumanitar huquqning ahamiyatini chuqur anglash va nazariy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
| Sana: | 18.11.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 38 |
| Ulashish: |



