
“VoiceUp-2026”: inklyuzivlik yo‘lidagi tashabbuslar markazida JIDU talabasi
“VoiceUp-2026”: inklyuzivlik yo‘lidagi tashabbuslar markazida JIDU talabasi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) nafaqat ta’lim maskani, balki jamiyatning ijtimoiy manzarasini ijobiy tomonga o‘zgartirishga hissa qo‘shayotgan yosh yetakchilarni tarbiyalaydigan muhim platformadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan “VoiceUp-2026” inklyuziv oromgohi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, yoshlar ovozini davlat miqyosida ilgari surishni maqsad qilgan. Mazkur loyiha doirasida 350 nafar nomzod orasidan saralangan eng faol 35 nafar ishtirokchi qatorida JIDU talabasi ham munosib o‘rin egalladi.
Xalqaro huquq fakulteti 2-bosqich talabasi Zokirova Dilso‘z Olmos qizi oromgohda o‘zining ijtimoiy loyihalari va kreativ g‘oyalari bilan faol ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, uning ushbu yo‘nalishdagi faolligi izchil va tizimli faoliyat natijasidir. Jumladan, JIDUning 2026-yil 6-yanvardagi 1-2-UM-sonli buyrug‘iga asosan tashkil etilgan “Inklyuziv media klubi” hamda “Inklyuziv volontyorlar” guruhida media kontent muharriri sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. Uning media sohasidagi tajribasi oromgoh davomida ijtimoiy masalalarni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Oqtoshdagi uch kunlik muloqot va takliflar
Joriy yilning 14–16-aprel kunlari Bo‘stonliq tumanidagi “Oqtosh” oromgohida tashkil etilgan uchrashuvlar davomida Dilso‘z quyidagi yo‘nalishlarda o‘z takliflarini ilgari surdi:
— ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning huquqiy manfaatlarini ta’minlash;
— jamiyatda inklyuzivlik madaniyatini media kontent orqali keng targ‘ib qilish;
— davlat, jamiyat va yoshlar o‘rtasida samarali muloqot mexanizmlarini rivojlantirish.
Zokirova Dilso‘z kabi faol talabalarimizning tashabbuslari JIDUning ijtimoiy mas’uliyat va inklyuziv rivojlanish borasidagi salohiyatini yaqqol namoyon etadi. Huquqiy bilim va media ko‘nikmalarni uyg‘unlashtirgan bunday yoshlar yurtimizda inklyuziv jamiyatni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Talabamizga kelgusidagi faoliyati va yangi ijtimoiy loyihalarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!



