JIDU o‘qituvchisi xalqaro olimpiada finalchilari uchun raqamli moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi

JIDU o‘qituvchisi xalqaro olimpiada finalchilari uchun raqamli moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi

    JIDU o‘qituvchisi xalqaro olimpiada finalchilari uchun raqamli moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi

    JIDU o‘qituvchisi xalqaro olimpiada finalchilari uchun raqamli moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazdi

    2026-yil 1-oktabr kuni Moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha VI xalqaro olimpiada doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro-huquqiy va ommaviy-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Naubaxar Baxadir qizi Uzakbayeva olimpiada finalchilari uchun mahorat darsi o‘tkazdi. Krasnoyarsk shahridagi Sibir federal universitetida tashkil etilgan mashg‘ulot “Kripto-mikserlar orqali pul mablag‘larini legallashtirish tipologiyalari” mavzusiga bag‘ishlandi.

    Mahorat darsida markazlashmagan moliya (DeFi) rivojlanishi sharoitida moliyaviy xavfsizlikka tahdid solayotgan yangi xatarlar hamda ularni aniqlash usullari muhokama qilindi. Ishtirokchilar jinoiy daromadlarni legallashtirishning naqd pul, bank operatsiyalari va soxta kompaniyalarga asoslangan an’anaviy sxemalari raqamli muhitda qanday shakllarga ega bo‘layotgani bilan tanishdilar.

    Xususan, kriptovalyuta mikserlari, markazlashmagan birjalar (DEX), blokcheyn ko‘priklari, maxfiylikka yo‘naltirilgan kriptovalyutalar, soxta token takliflari (ICO), shuningdek, NFT va o‘yin aktivlaridan noqonuniy maqsadlarda foydalanish holatlari ko‘rib chiqildi. Mablag‘larni ketma-ket operatsiyalar orqali qismlarga ajratib, turli manzillarga o‘tkazish — “peeling chain” usuli alohida tahlil qilindi. Har bir tipologiya doirasida shubhali operatsiyalarni aniqlashga yordam beruvchi xatar indikatorlari tushuntirildi.

    Mashg‘ulot davomida kriptoaktivlarni an’anaviy pul mablag‘lariga aylantirish bosqichiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur bosqich mablag‘lar harakatini kuzatish va operatsiyalar ortida turgan shaxslarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shuningdek, ayrim DeFi xizmatlarining markazlashgan boshqaruv organi o‘rniga smart-kontraktlar asosida ishlashi bilan bog‘liq tartibga solish masalalari muhokama qilindi.

    Finalchilar moliyaviy razvedkaning zamonaviy vositalari, jumladan, sun’iy intellekt yordamida tranzaksiyalar o‘rtasidagi bog‘liqliklarni tahlil qilish, manzillarni evristik usullar orqali guruhlash hamda operatsiyalarni xatar darajasi bo‘yicha baholash mexanizmlari bilan tanishdilar.

    Mahorat darsi yoshlarning raqamli moliya sohasidagi bilimlarini kengaytirish, tahliliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro tajriba almashishga xizmat qildi. Tadbir mazmuni BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, sifatli ta’lim, munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish, tinchlik, adolat va samarali institutlar hamda barqaror rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashadi.