
JIDU dotsenti Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi doirasida tashkil etilgan tadbirda ma’ruza qildi
JIDU dotsenti Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi doirasida tashkil etilgan tadbirda ma’ruza qildi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi PQ-270-sonli qarori bilan belgilangan Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi doirasida Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Jadidlarning g‘oyalari – Yangi O‘zbekiston strategiyasi bilan hamohangdir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Muslimbek Alijonov mazkur mavzuda ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakatining tarixiy ildizlari, uning shakllanish omillari va milliy taraqqiyot yo‘lidagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Ma’ruzada jadidlar ilgari surgan ma’rifatparvarlik, milliy uyg‘onish, bunyodkorlik va taraqqiyot g‘oyalarining bugungi kundagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, millatning ozodligi, xalqning ma’rifati va Vatan taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan ko‘plab jadid namoyandalarining siyosiy qatag‘onlar qurboniga aylangani, ularning hayoti va faoliyati tarixiy xotiramizning ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. Xususan, jadidlar merosining Yangi O‘zbekistonni barpo etish, milliy qadriyatlarni asrash, yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish hamda mamlakat kelajagi uchun mas’uliyatli avlodni tarbiyalash bilan hamohang jihatlari yoritildi.
Tadbir davomida mavzuga oid videoroliklar namoyish etilib, ishtirokchilarga jadidlarning murakkab tarixiy sharoitdagi faoliyati, millat va Vatan taqdiri yo‘lidagi kurashi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berildi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, milliy tariximizning muhim sahifalarini chuqurroq anglash, jadid bobolarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish hamda ularning ezgu g‘oyalarini bugungi hayot bilan bog‘liq holda anglab yetishga xizmat qildi.




