
JIDU talabasi Piter Derlider nomidagi mukofot bilan taqdirlandi
JIDU talabasi Piter Derlider nomidagi mukofot bilan taqdirlandi

Joriy yilning 28-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Germaniyaning Gamburg shahrida joylashgan LAUREA GERMANIA kompaniyasi tomonidan ta’sis etilgan Peter Derleder nomidagi mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli mukofot Bremen universiteti huquq fakultetida asoschining ilmiy rahbari bo‘lgan, shuningdek, Bremen shahridagi Ganza Oliy mintaqaviy sudi sudyasi sifatida uzoq yillar faoliyat yuritgan professor Peter Derleder nomi bilan ataladi va LAUREA GERMANIA asoschisi yuridik fan nomzodi Farid Zakirov tomonidan taqdim etiladi.
U birinchi marta 2025-yilda Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining Xalqaro huquq fakultetida to‘rtinchi bosqichda o‘qiyotgan eng yaxshi bakalavriat talabasi e’tirofiga sazovor bo‘lishi munosabati bilan topshirilgan.
Bu yilgi sovringa sazovor bo‘lgan nomzod JIDU Xalqaro huquq fakultetining 4-bosqich talabasi Dadayev Boxodir bo‘ldi. U xalqaro tanlovlarda faol qatnashgani va huquqiy tahlil bo‘yicha olib borgan mazmunli ishlari bilan ajralib turadi. Mukofotni tantanali ravishda LAUREA GERMANIA direktori Sören Croll shaxsan o‘zi topshirdi.
Tadbir doirasida Dadayev Boxodir “Vis East Moot” xalqaro huquq tanlovidagi ishtiroklari yuzasidan taqdimot o‘tkazishdi. Taqdimotda ular bu yildagi tayyorgarlik jarayoni, xalqaro bosqichlarda duch kelgan murakkab vaziyatlar, arbitrlar oldida olib borilgan dalillarga asoslangan bahslar va ularga erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berishdi. Ushbu tanlov xalqaro arbitraj, savdo huquqi va protsessual masalalar bo‘yicha talabalar bilimini sinovdan o‘tkazadigan nufuzli platforma hisoblanadi. JIDU jamoasi bu tanlovda nafaqat universitet, balki O‘zbekiston nomidan munosib ishtirok etib, xalqaro maydonda raqobatlasha olish qobiliyatini namoyon etdi.
Tadbir nafaqat mukofot topshirishga, balki ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishga xizmat qildi. LAUREA GERMANIA direktori JIDU rahbariyati bilan uchrashib, amaliyot almashinuvi va iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikni muhokama qilishdi. Ular bu tashabbusni iliq qabul qilib, kelgusida bu takliflar ustida ishlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Mukofot LAUREA GERMANIA asoschisi va JIDU bitiruvchisi yuridik fanlar nomzodi Farid Zakirov tashabbusi bilan universitetning o‘z bitiruvchilari bilan doimiy aloqalari doirasida ta’sis etilgan bo‘lib, talabalarni rag‘batlantirish va ularning kasbiy huquqiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.