JIDUda JST Bosh direktori o‘rinbosari Jan-Mari Pogam bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

JIDUda JST Bosh direktori o‘rinbosari Jan-Mari Pogam bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    JIDUda JST Bosh direktori o‘rinbosari Jan-Mari Pogam bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    JIDUda JST Bosh direktori o‘rinbosari Jan-Mari Pogam bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 5-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyevning Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori o‘rinbosari, Fransiyaning JSTdagi sobiq doimiy vakili Jan-Mari Pogam bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda S. Safoyev JIDU faoliyati haqida ma’lumot berib, universitetda xalqaro savdo, xalqaro huquq, diplomatiya va iqtisodiy siyosat sohalarida kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi, milliy qonunchilik va institutsional muhitni mazkur tashkilot talablariga uyg‘unlashtirish, parlament nazorati, xususiy sektorni rivojlantirish, xususiylashtirish, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat xavfsizligi masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, JST va JIDU o‘rtasida ilmiy tadqiqot, tahlil, malaka oshirish va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi. J.-M. Pogam JIDUning xalqaro savdo sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashdagi o‘rniga yuqori baho berib, istiqboldagi hamkorlikni, jumladan, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

    Tashrif doirasida Jan-Mari Pogamning JIDU talabalari va tadqiqotchilari bilan uchrashuvi hamda mahorat darsi (ma’ruzasi) ham tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek O‘runov ishtirok etdi. Unda JST faoliyati, xalqaro savdo jarayonlari, global iqtisodiy tamoyillar, oziq-ovqat xavfsizligi va xalqaro savdo tizimini rivojlantirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar kelgusida mintaqaviy ekspert platformasiga aylanishi mumkin bo‘lgan xalqaro savdo bo‘yicha bir yillik magistratura/ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini qayd etdilar.

    Tashrif yakunida tomonlar JST va JIDU o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ta’lim loyihalarini tatbiq etish, malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda davlat organlari va xususiy sektor uchun malakali kadrlar tayyorlashdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.