
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida WICAR-2026 xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida WICAR-2026 xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

2026-yil 19-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida «Iqlim o‘zgarishi sharoitida arid hududlarda suv resurslarini boshqarishning innovatsion yondashuvlari» (WICAR-2026) mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi.
Konferensiya JIDUning «Tizimli tahlil va matematik modellashtirish» kafedrasi tomonidan tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Polsha va boshqa bir qator davlatlardan olimlar, ekspertlar va davlat idoralari vakillari — bevosita va masofaviy formatda — ishtirok etdi.
Konferensiya iqlim o'zgarishi sharoitida arid hududlarda suv resurslarini samarali boshqarish muammolarini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar keng doiradagi masalalarni muhokama qildilar: irrigatsiya tizimlarini optimallashtirish va suv taqsimotini avtomatlashtirish uchun matematik va kompyuterli modellashtirish usullarini qo‘llashdan tortib, Markaziy Osiyodagi suv diplomatiyasi va Orol dengizi mintaqasidagi ekologik o'zgarishlar masalalarigacha. Ilg‘or ilmiy natijalar va amaliy tajribalarni almashishga, shuningdek ushbu sohadagi xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga alohida e‘tibor qaratildi.
Plenar majlisda yetakchi ilmiy va ta’lim muassasalarining vakillari ma’ruza qildi: O‘zbekiston Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi muhandislari» milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Suv muammolari, gidroenergetika va ekologiya instituti. Tushdan keyin uchta tematik seksiya ishladi, ularda 20 dan ortiq ilmiy ma'ruza taqdim etildi.
WICAR-2026 konferensiyasi mavzusi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)da belgilangan global ustuvorliklar bilan bevosita bog‘liq. Xususan, muhokama qilingan masalalar quyidagi yo'nalishlarni qamrab oldi: BRM 6 — Toza suv va sanitariya: qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarishga innovatsion yondashuvlar; BRM 13 — Iqlim o'zgarishi bilan kurashish: iqlim o‘zgaruvchanligini modellashtirish va suv xo'jaligi tizimlarini moslashuvchan boshqarish usullari; BRM 15 — Quruqlik ekotizimlarini saqlash: Orol dengizi mintaqasidagi ekologik va gidrogeologik jarayonlarni tahlil qilish; BRM 17 — Barqaror rivojlanish yo'lida sheriklik: suv resurslari sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va ilmiy diplomatiyani mustahkamlash.
Konferensiya yakunlarida WICAR-2026 ilmiy natijalar va ilg‘or tajribalarni almashish, akademik aloqalarni mustahkamlash va fanlararo tadqiqotlarni rivojlantirish uchun samarali maydon bo'lgani ta’kidlandi. Ishtirokchilar taqdim etilgan ma’ruzalarning yuqori ilmiy darajasini, ularning amaliy ahamiyatini va suv xo'jaligi hamda ekologik xavfsizlik sohasidagi zamonaviy vazifalar uchun dolzarbligini alohida qayd etdilar. Konferensiyaning o'tkazilishi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirayotgan va barqaror rivojlanish, tabiiy resurslarni boshqarish hamda zamonaviy matematik modellashtirish usullarini qo'llash sohasida ilmiy kun tartibini shakllantirayotgan nufuzli ilmiy-ta'lim markazi sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi.




