JIDUda professor Rahmon Farmonov nomidagi auditoriya ochildi

JIDUda professor Rahmon Farmonov nomidagi auditoriya ochildi

    JIDUda professor Rahmon Farmonov nomidagi auditoriya ochildi

    JIDUda professor Rahmon Farmonov nomidagi auditoriya ochildi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tarix fanlari doktori, professor Rahmon Farmonov (1945–2025) xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, talabalari, olimning hamkasblari, shogirdlari va oila a’zolari ishtirok etdi.

    Tadbir doirasida universitet rektorining tegishli buyrug‘iga muvofiq, “A” o‘quv binosidagi A-222 auditoriyasiga professor Rahmon Farmonov nomi berildi. Auditoriyani JIDUning akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov hamda professorning turmush o‘rtog‘i Muzayamma Farmonova tantanali ravishda ochib berdilar.

    Shuningdek, professor xotirasiga bag‘ishlab nashr etilgan “Vatan boshlanadi inson qalbidan” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

    Tadbir davomida ishtirokchilar olimning ilmiy-pedagogik faoliyati, boy ilmiy merosi hamda tarix, siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohalari rivojiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdilar.

    1992-yildan boshlab JIDUda faoliyat yuritgan professor Rahmon Farmonov minglab talabalarga ta’lim berib, o‘z ilmiy maktabini shakllantirdi. Uning rahbarligida yetishib chiqqan ko‘plab shogirdlari bugungi kunda ilm-fan, diplomatiya va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda.

    Tadbirda talabalar professorning Vatan, ezgulik va insoniy qadriyatlarga bag‘ishlangan she’rlaridan namunalar o‘qidilar.

    Tadbir yakunida ustozning ilmiy va ma’naviy merosini asrab-avaylash, shuningdek, universitet rivojiga munosib hissa qo‘shgan professorlar xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan tashabbuslarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.