
JIDUda “O‘zbekistonda axborotlashtirishning huquqiy, institutsional asoslari va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda “O‘zbekistonda axborotlashtirishning huquqiy, institutsional asoslari va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi

Joriy yilning 11-noyabr kuni, Darya Odilovna Abdalimova, AGMK AJ yuridik bo‘limi boshlig‘i, Toshkentdagi Inha universitetining yuristi hamda axborotlashtirish sohasida tegishli davlat tashkilotlarida katta ish tajribasiga ega ekspert tomonidan Xalqaro axborot huquqi fani doirasida 4-kurs talabalari uchun “O‘zbekistonda axborotlashtirishning huquqiy, institutsional asoslari va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.
Uchrashuvda “Xalqaro huquq” fakulteti professor-o‘qituvchilari, yuridik fanlar doktori professor N.A.Nugmanov ishtirok etishdi.
Ma’ruza davomida ekspert tomonidan O‘zbekiston Respublikasida axborot texnologiyalari jarayonlarini rivojlantirish xalqaro hamkorlikning muhim sohasi ekanligi, xorijiy davlatlarning tajribasini muvofiqlashtirish orqali O‘zbekistonda iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot va davlat boshqaruvi sohalarida innovatsion yechimlarni birgalikda amalga oshirish imkonini berishi, O‘zbekistonda elektron hukumat xizmatlarini rivojlantirish, raqamli savodxonlikni oshirish raqamli transformatsiya uchun umumiy texnik va huquqiy standartlarni shakllantirishga yordam berishiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ekspert tomonidan sohadagi xalqaro huquqiy hamkorlik davlatlarning suveren tengligi, ichki ishlarga aralashmaslik, axborot makonidan tajovuzkor yoki noqonuniy maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi va raqamli muhitda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat tamoyillariga asoslanishi, BMTning universal yondashuvlarni ishlab chiqishda, kibertahdidlarning oldini olishga qaratilgan normativ hujjatlar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda axborot texnologiyalaridan xavfsiz foydalanish madaniyatini rivojlantirishda yetakchi muvofiqlashtiruvchi o‘rinni egallashi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlari qiziqtirgan savollarga javob olishdi va axborot xavfsizligi va axborotlashtirish sohasidagi xalqaro huquqiy hamkorlik global raqamli makonning barqarorligi, ochiqligi va xavfsizligini ta’minlashning asosiy sharti ekanligi, hamkorlikning kelishilgan xalqaro normalari va mexanizmlarini ishlab chiqish davlatlar suverenitetini mustahkamlashga, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga va xalqaro axborot xavfsizligi uchun barqaror arxitektura yaratishga hissa qo‘shishi to‘g‘risida talabalar bilan fikr almashinildi.




