Talaba-yoshlar uchun ma’naviy-psixologik yuksalish haftaligi tashkil etildi

Talaba-yoshlar uchun ma’naviy-psixologik yuksalish haftaligi tashkil etildi

    Talaba-yoshlar uchun ma’naviy-psixologik yuksalish haftaligi tashkil etildi

    Talaba-yoshlar uchun ma’naviy-psixologik yuksalish haftaligi tashkil etildi

    Bugungi globallashuv va axborot oqimi keskin jadallashgan davrda yoshlarning nafaqat intellektual salohiyatini rivojlantirish, balki ularning ma’naviy dunyosi va psixologik barqarorligini mustahkamlash ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talaba-yoshlarning ma’naviy kamoloti, ruhiy barqarorligi hamda shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ma’naviy-psixologik yuksalish haftaligi” doirasida qator seminar-treninglar tashkil etildi.

    Haftalikning markaziy tadbiri sifatida “Ma’naviy-psixologik yuksalish — kelajak muvaffaqiyatining muhim omili” mavzusidagi seminar universitet psixologi N. Norova hamda kurs koordinatorlari hamkorligida o‘tkazildi. Tadbir davomida “Xavfsiz va sog‘lom muhitda ma’naviy yuksalish — yangi imkoniyatlar sari yo‘l” tamoyili asosida talaba shaxsining ma’naviy yetukligi, ruhiy barqarorligi va hayotiy muvaffaqiyatlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik tahliliy hamda interaktiv usullar orqali yoritib berildi.

    Seminar jarayonida psixolog N. Norova tomonidan yoshlarning atrof-muhitda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni yuksak ma’naviy-axloqiy mezonlar asosida baholashi, har qanday vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarishi va doimo ogoh bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, shaxsning ma’naviy immuniteti va ichki yuksalishga bo‘lgan intilishi qanchalik mustahkam bo‘lsa, u tashqi salbiy ta’sirlarga hamda stressli vaziyatlarga nisbatan shunchalik bardoshli bo‘lishi qayd etildi.

    Treninglarning amaliy qismida talabalar bilan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borildi:

    -      Emotsional barqarorlik va ichki muvozanatni shakllantirish;

    -      Stressli vaziyatlarda agressiyani boshqarish va konstruktiv yondashuvni rivojlantirish;

    -      Qat’iyatlilik, liderlik hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash;

    -      Ruhiy yuksalish va shaxsiy rivojlanishga xizmat qiluvchi psixologik texnikalarni amaliy qo‘llash.

    Interaktiv mashqlar davomida talabalar o‘zlaridagi yashirin salohiyatni namoyon etish, emotsional holatni boshqarish hamda jamoada sog‘lom ijtimoiy munosabatlarni shakllantirish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Kurs koordinatorlari tomonidan esa haftalik davomida talabalarning faolligi va ma’naviy-psixologik holati muntazam monitoring qilib borildi.

    Tadbir yakunida ma’naviy va psixologik jihatdan yetuk, mustaqil fikrlaydigan hamda yuksak mas’uliyat hissiga ega yoshlar jamiyat taraqqiyotining muhim tayanchi ekani alohida ta’kidlandi. Universitet rahbariyati hamda psixologik xizmat bo‘limi tomonidan bu kabi ma’rifiy va amaliy tadbirlarni kelgusida ham tizimli ravishda davom ettirish rejalashtirilgani bildirildi.