
JIDU talabalari Adiblar xiyobonida adabiy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etdilar
JIDU talabalari Adiblar xiyobonida adabiy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etdilar

Joriy yilning 14, 21 va 28-sentabr kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari Adiblar xiyoboniga tashrif buyurdilar. Tashriflar belgilangan reja-jadvalga muvofiq, atoqli adiblar haykallari poyida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda sport musobaqalarini o‘tkazish doirasida tashkil etildi.
Tashriflar davomida talabalar o‘zbek adabiyoti namoyandalarining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy dasturlarni namoyish etdilar. Xususan, Abdulla Qahhor haykali poyida yozuvchining boy ijodiy merosiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazildi. Unda adibning “O‘g‘ri” va “Bemor” hikoyalaridan parchalar o‘qildi, mazkur asarlar asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Shuningdek, tadbirlar doirasida talabalar she’rlar o‘qib, turli sport musobaqalarida ishtirok etdilar.
Mazkur tadbirlar talabalarning adabiyotga bo‘lgan qiziqishini oshirish, milliy adabiy merosimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qildi.



