
JIDUda xalqaro gumanitar huquqni o‘qitish va amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi
JIDUda xalqaro gumanitar huquqni o‘qitish va amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi

2026-yil 29-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining (XQXQ) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi bilan hamkorlikda “Xalqaro gumanitar huquqni o‘qitish va implementatsiya qilishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. XQXQ hamda O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi o‘rtasidagi qo‘shma Harakatlar rejasi doirasida tashkil etilgan tadbir Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumiga bag‘ishlandi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdilar.
Davra suhbatini JIDUning “Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar” kafedrasi dotsenti Shirin Xamdamova olib bordi. U xalqaro gumanitar huquq normalarining amaliyotda samarali qo‘llanilishi ko‘p jihatdan bo‘lajak huquqshunos va diplomatlarning bilim hamda kasbiy tayyorgarligiga bog‘liqligini ta’kidladi. XQXQning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Marat Aminov tashkilotning mandati, mintaqadagi faoliyati va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi haqida ma’lumot berdi.
XQXQning Jenevadagi bosh qarorgohi huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Vanessa Merfi zamonaviy qurolli mojarolar sharoitida xalqaro gumanitar huquq oldida turgan dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ma’ruza bilan ishtirok etdi. Unda xalqaro gumanitar huquq normalarining yangi harbiy texnologiyalarga tatbiq etilishi, kiberoperatsiyalar, avtonom qurol tizimlari va sun’iy intellektdan harbiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq masalalar yoritildi. Shuningdek, yangi qurol turlari va urush olib borish usullarini huquqiy tekshiruvdan o‘tkazish, jabrlangan aholiga gumanitar yordam yetkazish hamda gumanitar xodimlar xavfsizligini ta’minlashning ahamiyati ta’kidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga xalqaro gumanitar huquqni o‘qitish va uning normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga ko‘maklashuvchi XQXQ resurslari taqdim etildi. Xususan, tashkilotning xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha Maslahat xizmati, tegishli ma’lumotlar bazalari, o‘quv qo‘llanmalari, onlayn kurslari hamda talabalar uchun tanlovlari haqida so‘z yuritildi. Muhokamalarda xalqaro gumanitar huquqning o‘quv dasturlaridagi o‘rni va amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish usullariga alohida e’tibor qaratildi.



