JIDU Yuridik klinikasida muhim voqea: Bo‘lajak xalqaro huquqshunoslar fuqarolarni qabul qilish oldidan tantanali qasamyod qilishdi

JIDU Yuridik klinikasida muhim voqea: Bo‘lajak xalqaro huquqshunoslar fuqarolarni qabul qilish oldidan tantanali qasamyod qilishdi

    JIDU Yuridik klinikasida muhim voqea: Bo‘lajak xalqaro huquqshunoslar fuqarolarni qabul qilish oldidan tantanali qasamyod qilishdi

    JIDU Yuridik klinikasida muhim voqea: Bo‘lajak xalqaro huquqshunoslar fuqarolarni qabul qilish oldidan tantanali qasamyod qilishdi

    Joriy yilning 26-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yuridik klinikasida o‘ta mas’uliyatli va ahamiyatli tadbir bo‘lib o‘tdi. Universitetning Xalqaro huquq fakulteti maxsus o‘quv-amaliy treninglarini muvaffaqiyatli yakunlagan 3-bosqich talabalarining aholini bevosita qabul qilish jarayoniga kirishishdan avvalgi tantanali qasamyod qilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi.

    Mazkur tadbir bo‘lajak huquqshunoslarning kasbiy faoliyatiga qo‘yilgan ilk jiddiy qadami bo‘lib, yosh mutaxassislarda yuridik etika, vijdonlilik, adolat va qonuniylik tamoyillariga sodiqlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga qaratildi.

    Tadbirni JIDU Xalqaro huquq fakulteti dekani S.Muratayev hamda JIDU Yuridik klinikasi rahbari Z.S.Ubaydullayev kirish so‘zi bilan ochib berdilar.

    Ochilish marosimida rahbarlar yuridik klinikaning talabalarda amaliy ko‘nikmalar va kasbiy mahoratni shakllantiruvchi baza sifatidagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, bo‘lajak yuristlarga murojaat qilib, har bir murojaat qiluvchi fuqaroga professional, xolis va insoniy yondashish, qonun ustuvorligini ta‘minlash hamda inson manfaatlarini himoya qilish har bir huquqshunosning muqaddas burchi ekanligi alohida ta‘kidlandi.

    Shuningdek, tadbirda Xalqaro huquq fakulteti kurs koordinatori A.Nasimjonov, fakultetning yuqori kurs talabalari hamda klinika faoliyatiga qiziquvchi faol yoshlar ishtirok etib, yosh mutaxassislarga o‘zlarining amaliy tavsiyalari va ezgu tilaklarini bildirdilar.

    Marosimning eng ta’sirli va markaziy qismida Xalqaro huquq fakulteti 3-bosqich talabalari o‘zlariga yuklatilgan yuksak ishonchni oqlash, fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini qat’iy himoya qilish, kasbiy konfidensiallik qoidalariga sobit qolish hamda yuridik etika normalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha tantanali ravishda qasamyod qildilar.

    Ushbu qasamyodning qabul qilinishi talabalarga nafaqat o‘zlarining nazariy bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rish, balki aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul va sifatli huquqiy yordam ko‘rsatish (pro bono) jarayonida professional mas’uliyatni chuqur his etish imkonini beradi.

    JIDU Yuridik klinikasi talabalarga haqiqiy mijozlar bilan ishlash, malakali huquqiy maslahatlar berish va protsessual hujjatlarni tayyorlash ko‘nikmalarini amalda o‘rgatish orqali ularni raqobatbardosh yuqori malakali yurist kadrlar qilib tayyorlashda muhim ko‘prik vazifasini bajaradi.