
JIDU talabalari O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarida amaliyot o‘tamoqdalar
JIDU talabalari O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarida amaliyot o‘tamoqdalar

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari Xamrakulov Jasurbek va G‘anixo‘jayev Asrorxo‘ja O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi Elchixonasida amaliyot o‘tamoqda.
Amaliyot davomida talabalar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik, shuningdek, Yevropa Ittifoqining institutsional tuzilmasi, faoliyat yo‘nalishlari va qaror qabul qilish mexanizmlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.
Jumladan, talabalar Yevropa Parlamentiga tashrif buyurib, uning tuzilishi, vakolatlari va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan batafsil tanishdilar. Tashrif davomida Yevropa Parlamentining Yevropa Ittifoqi institutsional tizimidagi o‘rni, Yevropa fuqarolarining manfaatlarini ifodalashdagi roli, qonunchilik jarayonidagi ishtiroki hamda Yevropa Ittifoqining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, talabalar Yevropa Parlamenti deputatlarining faoliyati, siyosiy guruhlarning parlament ishini tashkil etishdagi o‘rni, parlament qo‘mitalari va fraksiyalarining vazifalari, qonunchilik tashabbuslarini ko‘rib chiqish hamda Yevropa Ittifoqi darajasida siyosiy qarorlarni shakllantirish jarayonlari bilan tanishdilar.
Tashrif davomida Yevropa Ittifoqining tashqi siyosati va xalqaro hamkorlik mexanizmlari, xususan, Yevropa Parlamentining tashqi aloqalardagi o‘rni ham o‘rganildi. Alohida e’tibor O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar, ta’lim va ilmiy almashinuv, transport va logistika, shuningdek, Markaziy Osiyo bilan mintaqaviy hamkorlik kabi yo‘nalishlarga qaratildi.
Mazkur tashrif talabalar uchun Yevropa Ittifoqi institutlarining faoliyatini bevosita o‘rganish, xalqaro munosabatlar va diplomatik jarayonlarga oid nazariy bilimlarini amaliy kuzatuvlar bilan boyitish hamda O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini yanada chuqurroq anglashda muhim tajriba bo‘ldi.
| Sana: | 12.09.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 56 |
| Ulashish: |



