
JIDU professori E’tibor Sultanova ShHTning 25 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etdi
JIDU professori E’tibor Sultanova ShHTning 25 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etdi

Joriy yilning 23-sentabr kuni Toshkent shahridagi Sarbon universiteti hamda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi hamkorligida “Shanxay hamkorlik tashkiloti: chorak asrlik ishonch va hamkorlikdan umumiy kelajak sari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yillik taraqqiyot yo‘li, O‘zbekistonning tashkilot doirasidagi tashabbuslari hamda xalq diplomatiyasining zamonaviy yo‘nalishlarini muhokamasiga bag‘ishlangan mazkur tadbirda davlat idoralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, ekspertlar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ushbu davra suhbatida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori E’tibor Sultanova ham ishtirok etib, o‘z ma’ruzasida ShHT doirasida ilmiy diplomatiya va akademik hamkorlikning yangi imkoniyatlariga to‘xtaldi. U ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy markazlar va universitetlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish ShHT makonida barqaror rivojlanish va intellektual salohiyatni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ma’ruzalardan so‘ng ekspertlar va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Muhokamalar davomida ShHT doirasida xalq diplomatiyasini yanada rivojlantirish, yoshlar va ayollar diplomatiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, universitetlararo ilmiy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, shuningdek raqamli diplomatiya va innovatsion tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan qator taklif va mulohazalar bildirildi. Tadbir ishtirokchilari ShHTning “Shanxay ruhi” tamoyillari bugungi kunda ham mintaqaviy ishonch va hamkorlikning mustahkam asosi bo‘lib qolayotganini alohida e’tirof etdilar.
Davra suhbati yakunida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi hamda Sarbon universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum ilmiy-amaliy tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirish, konferensiya va forumlar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalar ishtirokidagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ShHTning maqsad va tamoyillarini targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslarni izchil rivojlantirishni nazarda tutadi.



