
JIDUda “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” nomli bayram dasturi bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” nomli bayram dasturi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 18-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida erta tongdayoq boshlanib ketdi. Bayram tongi universitetning faol va tashabbuskor ko‘ngilli volontyor talabalari tomonidan professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalarga davlat ramzlariga chuqur hurmat va sadoqat ifodasi sifatida bayroqchali lentalar tarqatish bilan boshlandi. Ushbu ezgu tashabbus nafaqat bayramona kayfiyatni kuchaytirdi, balki jamoa orasida davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat, g‘urur va e’tiborni yanada oshirdi.
Kun davomida universitetda Davlat bayrog‘i kuniga bag‘ishlangan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham tashkil etildi. Tadbirning tantanali qismi harbiy orkestr ijrosi ostida Davlat bayrog‘ini sahnaga olib chiqish marosimi bilan boshlandi. Bayroq ko‘tarilgan mahaldagi yuksak ehtirom, orkestrning jo‘shqin kuylaridan jaranglagan vatanparvarlik ruhi ishtirokchilarda milliy g‘urur va mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamladi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijro etildi, va barcha qatnashchilar tomonidan hurmat bajo keltirildi.
O‘tkazilgan ushbu tadbirlar yoshlarning qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlar va davlat ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini shakllantirish va yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Ayniqsa, bayroqchali lentalar tarqatilishi, tantanali marosimlar va ma’rifiy chiqishlar talabalarda o‘zlikni anglash, milliy birdamlik va fuqarolik burchini chuqur his etish kabi fazilatlarni rivojlantirdi.
Mazkur tadbir nafaqat bayram sifatida, balki yoshlarda yurtga sadoqat, milliy o‘zlik va vatanparvarlik ruhini oshirishga qaratilgan muhim tarbiyaviy tashabbus sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
| Sana: | 19.11.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 57 |
| Ulashish: |




