
Xitoy Tashqi ishlar universiteti vakillari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Xitoy Tashqi ishlar universiteti vakillari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 7-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri - Xitoy Tashqi ishlar universiteti Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari markazi direktori, professor Liu Ying va Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari markazi direktor o‘rinbosari Zhang Jian tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar JIDU Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Mazkur uchrashuvda, JIDU tomonidan shuningdek, Diplomatik akademiya direktori Abdusamat Xaydarov, “Xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani Madina Abdullayeva, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Odil Gafarov va Osiyo tinch okeani tadqiqotlari markazi rahbari Abbos Boboxonov hamda Xalqaro akademik hamkorlik ofisi boshlig‘i Gavhar Mirxalilova ishtirok etdilar.
Uchrashuv boshida Akram Umarov Xitoy Tashqi ishlar universiteti vakillariga JIDU delegatsiyasi a’zolarini tanishtirib, universitet faoliyati, uning yutuqlari va xalqaro hamkorlikdagi ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Liu Ying xonim ham, o‘z navbatida, faoliyat olib borayotgan universiteti va jamoasi haqida qisqacha ma’lumot berar ekan, 2024-yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar tarixan eng yuqori darajaga ko‘tarilganini, hamkorlik esa izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan, endilikda ta’lim yo‘nalishida hamkorlikka ehtiyoj yuqori ekanini aytib o‘tdi. Shu o‘rinda, Xitoy Tashqi ishlar universiteti ham Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tarkibida tashkil etilgani JIDU bilan hamkorlik uchun mustahkam institutsional asos bo‘layotgani qayd etildi.
Zhang Jian kelgusi yildan talaba almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish orqali hamkorlikni amaliy bosqichdan boshlashni, shuningdek, diplomatiya bo‘yicha onlayn kurslarni taqdim etuvchi innovatsion platforma doirasida ham aloqalarni jadallashtirishni taklif qildi.
Shuningdek, JIDU Xitoy Tashqi ishlar Universiteti bilan hamkorlikda o‘zbek, rus va xitoy tillari bo‘yicha talabalar uchun intensiv kurslar tashkil etish hamda Xitoydan xitoy tili o‘qituvchilarini JIDUga jalb qilish masalasini taklif qildi.
Xitoy Tashqi ishlar universiteti bilan JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti hamda Diplomatik Akademiya o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Avvalo, kichik ko‘lamli onlayn uchrashuv tashkil etish orqali ikki tomonlama ishchi muloqotni boshlashga kelishib olindi. Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti bilan – qo‘shma tadqiqotlar olib borish, Diplomatik Akademiya bilan esa talaba almashinuv dasturlari hamda qisqa muddatli diplomatik kurslar va treninglarni tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikning kelgusida yanada samarali va tizimli rivojlanishiga ishonch bildirdilar.
| Sana: | 10.11.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 42 |
| Ulashish: |



