
JIDUda yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
JIDUda yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 12-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini berish bo‘yicha Ilmiy kengash (DSc.14/2025.27.12.Yu.01.01) yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Ilmiy kengash raisi professor Nugman Nugmanov hamda huquqshunoslik sohasi bo‘yicha yetakchi olimlar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida Kengash faoliyati va uning ushbu sohada yuqori sifatli ilmiy tadqiqotlarni ta’minlashdagi o‘rni yuzasidan atroflicha muhokama o‘tkazildi. Ilmiy daraja berish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi, ilmiy ishlar sifatini oshirishga oid tavsiyalar ishlab chiqildi hamda ilmiy hamjamiyat va O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Kun tartibiga muvofiq 12.00.02 – “Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi” ixtisosligi bo‘yicha Eshimbetov Mamud Urazboyevichning “Ma’muriy-huquqiy nizo: nazariya va amaliyot” mavzusidagi yuridik fanlar doktori (DSc) ishi himoyasi hamda Doʻstmurodov Umidxon Inatillayevichning “Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish chorasini qoʻllashni maʼmuriy-huquqiy tartibga solish” mavzusidagi yuridik fanlar falsafa doktori (PhD) ishi himoyalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Ushbu yig‘ilish yurisprudensiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlanadigan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti uchun muhim ahamiyat kasb etdi.




