
JIDUda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak bunyod etamiz!” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi
JIDUda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak bunyod etamiz!” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida yoshlar hamda jamoatchilik vakillarining siyosiy partiya faollari ishtirokidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak bunyod etamiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, demokratik jarayonlarni izchil davom ettirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, shuningdek, yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini yuksaltirish, fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, ularning ijtimoiy jarayonlardagi faol ishtirokini ta’minlash hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda faxriy mehmon sifatida Xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashi raisi Qurbonova Shohzoda Nashpanovna ishtirok etdi.
Muloqot jarayonida mamlakat taraqqiyotida ilm-fan, ta’lim va yoshlarning o‘rni, zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega avlodni tarbiyalash, shuningdek, yoshlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizning barqaror taraqqiyoti va munosib kelajagini ta’minlashda bilimli, tashabbuskor, vatanparvar va faol yoshlarning o‘rni beqiyosdir. Shu bois ularning intellektual va ijtimoiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, mamlakat hayotidagi muhim jarayonlarga keng jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Tadbir yakunida bunday ochiq va mazmunli uchrashuvlar yoshlarning siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik mas’uliyatini oshirish hamda ularni jamiyat hayotida yanada faol ishtirok etishga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.



