JIDUda Markaziy Osiyoda xitoyshunoslik bo‘yicha Ikkinchi forum bo‘lib o‘tdi

JIDUda Markaziy Osiyoda xitoyshunoslik bo‘yicha Ikkinchi forum bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Markaziy Osiyoda xitoyshunoslik bo‘yicha Ikkinchi forum bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Markaziy Osiyoda xitoyshunoslik bo‘yicha Ikkinchi forum bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 13-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Markaziy Osiyo va Xitoy meros va kelajak chorrahasida” mavzusida Markaziy Osiyoda xitoyshunoslik bo‘yicha Ikkinchi forum bo‘lib o‘tdi. Forum JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IXTI) tomonidan Jahon xitoyshunoslik markazi (XXR) va “Bir makon, bir yo‘l” ilmiy-ta’lim markazi (Qozog‘iston) bilan hamkorlikda Xitoy Xalq Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Tadbir 2025-yil may oyida Olmaotada boshlangan mintaqaviy ekspertlar muloqotining davomi bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi akademik, tahliliy va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.

    Forum Xitoyning Yevroosiyodagi roli ortib borayotgani va so‘nggi yillarda tomonlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, transport va gumanitar hamkorlik ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatining yanada rivojlanishi sharoitida o‘tdi. Tadbir davomida davlat tuzilmalari, tahlil markazlari va ta’lim muassasalari uchun siyosiy tahlil, iqtisodiy baholash, madaniy tushunish va amaliyotga yo‘naltirilgan ekspertizani birlashtiruvchi fanlararo yo‘nalish sifatida xitoyshunoslikka alohida e’tibor qaratildi.

    Ochilish marosimida JIDUning akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, IXTI direktori Akram Umarov, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun, Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori Rashid Alimov, Jahon xitoyshunoslik markazi direktori Syu Baofen hamda “Bir makon, bir yo‘l” ilmiy-ta’lim markazi direktori Adil Kaukenov ishtirok etdi.

    Forum dasturi to‘rtta mavzuli sessiyani o‘z ichiga oldi. Birinchi sessiya doirasida ishtirokchilar Markaziy Osiyoda xitoyshunoslikning vujudga kelishi, ilmiy maktablarning rivojlanishi, Xitoyni o‘rganish bo‘yicha tadqiqot an’analari va ekspert yondashuvlarini muhokama qildi. Ikkinchi sessiya xitoyshunoslikning madaniy-gumanitar hamkorlikdagi, jumladan, akademik almashinuvlar, ta’lim dasturlari, madaniyatlararo muloqot va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashdagi o‘rniga bag‘ishlandi. Uchinchi sessiyada Xitoyni XXRning 15-besh yillik rejasi nuqtayi nazaridan o‘rganish, uning ehtimoliy ustuvor yo‘nalishlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Yakuniy sessiya mintaqada xitoy tili bilan ishlash amaliyoti, o‘qitish, tarjimonlarni tayyorlash va mutaxassislarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

    Forum ishida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoyning yetakchi universitetlari, tadqiqot markazlari, Konfutsiy institutlari, ta’lim dasturlari va ekspert tashkilotlari vakillari qatnashdi. Muhokamalar mintaqaviy xitoyshunoslikni rivojlantirish, akademik aloqalarni chuqurlashtirish, ekspertlar tarmoqlarini kengaytirish, shuningdek, Xitoydagi zamonaviy siyosiy, iqtisodiy va gumanitar jarayonlar hamda ularning Markaziy Osiyo uchun ahamiyatini tizimliroq tushunishni shakllantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni qamrab oldi.

    Forum yakunida Jahon xitoyshunosligining Markaziy Osiyo konsensusi imzolandi. IXTI Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlari markazi rahbari Abbos Boboxonov tomonidan o‘qib eshittirilgan ushbu hujjat ekspertlar muloqotining muhim natijasi bo‘lib, ishtirokchilarning xitoyshunoslik sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada institutsionalizatsiya qilish, qo‘shma tadqiqot tashabbuslarini rivojlantirish, akademik almashinuvlarni mustahkamlash va Markaziy Osiyo hamda Xitoy mutaxassislari o‘rtasida barqaror hamkorlik platformasini shakllantirishga bo‘lgan intilishini aks ettirdi.

    Forum ilmiy va ekspert hamjamiyatining Xitoyni hamda uning Markaziy Osiyo bilan hamkorligini tizimli o‘rganishga qiziqishi yuqori ekanini tasdiqladi. O‘tkazilgan munozaralar davlat, ilmiy va jamoat institutlari uchun tahliliy materiallar, ta’lim dasturlari va tavsiyalar tayyorlashga hissa qo‘sha oladigan mintaqaviy ekspertizaning mustaqil hamda amaliy ahamiyatga ega yo‘nalishi sifatida xitoyshunoslikni yanada rivojlantirish zarurligini ko‘rsatdi.