Ta’limdan xalqaro tajribagacha: JIDU Xalqaro huquq fakulteti talabalarining yangi yutuqlari

Ta’limdan xalqaro tajribagacha: JIDU Xalqaro huquq fakulteti talabalarining yangi yutuqlari

    Ta’limdan xalqaro tajribagacha: JIDU Xalqaro huquq fakulteti talabalarining yangi yutuqlari

    Ta’limdan xalqaro tajribagacha: JIDU Xalqaro huquq fakulteti talabalarining yangi yutuqlari

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti talabalari 2026-yilda xalqaro ta’lim dasturlari, yozgi maktablar, xalqaro konferensiyalar, amaliyot va ilmiy loyihalarda faol ishtirok etib, akademik hamda kasbiy salohiyatlarini rivojlantirmoqdalar.

    Amerkulova Munisaxon Odilovna — Xitoyning Chengdu shahridagi Janubiy-g‘arbiy moliya va iqtisodiyot universiteti “SWUFE” tomonidan tashkil etilgan “SWUFE RIEM Global Academy” yozgi maktabida 13–23-iyul kunlari ishtirok etdi. Dastur doirasida zamonaviy iqtisodiyot, global boshqaruv va xalqaro munosabatlar bo‘yicha bilimlarini boyitdi.

    Joriy yilning 7-iyul kuni 2-kurs talabalari “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida volontyor-tarjimon sifatida qatnashdilar. Volontyorlar orasida tashakkurnoma va Prezident nomidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan talabalar ham bor.

    Talabalarimiz xalqaro maydondagi faolligi bilan bir qatorda, ilmiy izlanishlarda ham o‘z so‘zini aytib, nufuzli nashrlarda maqolalarini chop ettirmoqda. Xalqaro huquq fakulteti 2-bosqich talabasi Madatov Saloxiddinning “Axborotlashgan jamiyatda fuqarolarning axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari” mavzusidagi ilmiy maqolasi Naubaxar Uzakbaeva ilmiy rahbarligida “Huquq va Burch” jurnalida chop etildi.

    Yana bitta iste’dodli talabamiz Lola Jahongirova 28-iyun – 3-iyul kunlari Budapesht shahrida Ludovika University of Public Service mezbonligida tashkil etilgan “V4 Diplomatic Academy” xalqaro yozgi dasturida ishtirok etdi. Dasturda diplomatiya, xalqaro munosabatlar, mintaqaviy hamkorlik va zamonaviy geosiyosiy jarayonlar muhokama qilindi.

    Davronov Muhammadaziz 29-iyul – 9-avgust kunlari Ruminiyaning Timishoara shahrida o‘tkazilgan “ISWinT 2026” xalqaro talabalar dasturida qatnashib, xalqaro tajriba va madaniyatlararo muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirdi.

    Bobosharipov Shahboz va Nutfullayev Mirfayz 4–6-sentabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan “RCOY Central Asia 2026” konferensiyasida ishtirok etib, iqlim o‘zgarishi, suv xavfsizligi, iqlim adolati va barqaror rivojlanish masalalarini muhokama qildilar.

    Hamroyev Avazbek Otabekovich, Abdujabborova Sarvinoz Umidjon qizi, Kojalepesova Dilfuza Bayronbay qizi va Abdug‘afforova Gulira’no Zuhriddin qizi Xitoyning Lanzhou (Lanjou) shahrida tashkil etilgan xitoy tili bo‘yicha yozgi maktabda ishtirok etdilar. Dastur ularga xitoy tilini amaliy muhitda rivojlantirish va Xitoy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

    Abdullayeva Dilafruz, Abdunazarova Jasmina va Muhammadjonov Hojiakbar 3–7-avgust kunlari Bishkek shahrida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo Jessup yozgi maktabi”da qatnashdilar. Dastur davomida xalqaro ommaviy huquq, huquqiy tahlil, notiqlik va Jessup sud musobaqasiga tayyorgarlik bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirdilar.

    Shuningdek, 3-bosqich talabalari Abduvahobova Rayxona — Bulung‘ur tuman sudi, Sulaymonova Gulinura — Qashqadaryo viloyati Koson tuman prokuraturasi hamda Yunusov Oxunbobo — AT Xalq Banki Kogon BXMda malakaviy amaliyot o‘tamoqdalar.

    Xalqaro huquq fakultetining 4-bosqich talabalari Shaxruz Tolibov va Sevara Qodirova Istanbul shahrida tashkil etilgan “OSCE Central Asia and Türkiye Youth Talks 2026” xalqaro dasturida ishtirok etdilar.

    Mingdan ortiq arizalar orasidan Markaziy Osiyo va Turkiyadan 20 nafar yosh saralangan dasturda sun’iy intellekt va xavfsizlik, yoshlarning qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki, tadbirkorlik va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Dastur yakunida “Yoshlar deklaratsiyasi” qabul qilindi.

    Talabalarimiz nazariy bilimlar bilan cheklanmay, ularni amaliyotda ham muvaffaqiyatli qo‘llamoqda. Jumladan, xalqaro huquq fakulteti talabasi Mirjahon Fayzullayev 8-avgust – 8-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Elchixonasida malakaviy amaliyot o‘tadi. Amaliyot davomida u diplomatik hujjatlar, tahliliy materiallar, konsullik masalalari, O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari va iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishlarida faoliyat olib bordi. Shuningdek, Ozarbayjon Prezidentining 23–24-avgust kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini tayyorlash va tashkil etish jarayonida ishtirok etdi.

    Amaliyot yakunida uning faoliyati a’lo darajada baholanib, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi B.Ashrafxonov tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

    Talabalarning 2026-yildagi xalqaro dasturlar, amaliyotlar, ilmiy loyihalar va konferensiyalardagi ishtiroki ularning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish, xorijiy tillar va professional ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xalqaro muhitda faoliyat yuritishga tayyorlanishiga xizmat qilmoqda.

    JIDU Xalqaro huquq fakulteti — bilim, amaliyot va xalqaro tajriba uyg‘unlashadigan makon.