
Yaponiya universitetlari delegatsiyasi JIDUga tashrif buyurdi
Yaponiya universitetlari delegatsiyasi JIDUga tashrif buyurdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yaponiyaning yetakchi universitetlari professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibidan Nagoya universiteti, Nagoya texnologiya instituti va Sugiyama Jogakuin universiteti vakillari o‘rin oldi.
Ushbu tashrif Nagoya universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilib, O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik aloqalarni rivojlantirish hamda hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif doirasida Yaponiya universitetlari vakillari JIDU rahbariyati bilan uchrashdilar. Unda xalqaro akademik hamkorlik masalalari, ta’lim va fan sohalaridagi kelgusi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Universitetlararo aloqalarni rivojlantirish, akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar va o‘qituvchilarning o‘zaro hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Dasturning muhim qismi sifatida Yaponiya delegatsiyasining JIDUda yapon tilini o‘rganayotgan talabalar bilan uchrashuvi tashkil etildi. Muloqot davomida mehmonlar o‘quv jarayoni, talabalarning qiziqishlari hamda yapon tili va madaniyatini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, uchrashuv ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida bevosita madaniy-ma’rifiy muloqot uchun ajoyib imkoniyat vazifasini o‘tadi.
Bunday tashriflar nafaqat universitetlar o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlashga, balki O‘zbekiston va Yaponiya yosh vakillari o‘rtasida barqaror akademik va madaniy aloqalarni shakllantirishga ham hissa qo‘shadi.
JIDUda ta’kidlanishicha, universitet yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni izchil rivojlantirib, xalqaro akademik aloqalarni kengaytirib bormoqda hamda xalqaro hamkorlik doirasida talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu jarayonda xalqaro muhitda samarali ishlay oladigan, global tafakkurga ega va turli madaniyatlarni chuqur anglaydigan mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyat kasb etadi.




