
Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Xalqaro bo‘lim boshlig‘i JIDUga tashrif buyurdi
Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Xalqaro bo‘lim boshlig‘i JIDUga tashrif buyurdi

2026-yil 7-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Si Szinpin asarlarini o‘rganish markazida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro bo‘limi boshlig‘i janob Lyu Xaysin bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Yuy Szyun, XXR diplomatik missiyasi vakillari hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev mehmonlarga qarata nutq so‘zlab, universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi va delegatsiyani Si Szinpin asarlarini o‘rganish markazi faoliyati bilan batafsil tanishtirdi. Markaz faoliyati Xitoydagi zamonaviy siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar jarayonlarni chuqur o‘rganishga, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi akademik muloqotni rivojlantirish hamda ilmiy-ta’lim aloqalarini kengaytirishga yo‘naltirilgani ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuv davomida ta’lim, ilm-fan va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan mazmunli fikr almashildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiladigan qo‘shma tadqiqot loyihalari, akademik almashinuvlar va ta’limiy tashabbuslarni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
JIDU talabalarining chiqishi tadbirning muhim qismiga aylandi. Ular xitoy tilida bo‘lajak xalqaro munosabatlar, diplomatiya va jahon iqtisodiyoti mutaxassislari uchun xitoy tilini o‘rganishning ahamiyati haqidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdilar. Talabalar xitoy tilini bilish kasbiy muloqot, akademik hamkorlik va O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlardagi zamonaviy jarayonlarni chuqurroq anglash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishini qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy-ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona va strategik munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.




