JIDU professori Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida mustaqillik darsi o‘tkazdi

JIDU professori Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida mustaqillik darsi o‘tkazdi

    JIDU professori Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida mustaqillik darsi o‘tkazdi

    JIDU professori Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida mustaqillik darsi o‘tkazdi

    O‘quv yilining ilk kunlarida yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida “Mustaqillik darslari”ni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Mazkur darslar yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, milliy istiqlolimizning tarixiy ahamiyati va bugungi taraqqiyotimizdagi beqiyos o‘rnini chuqur anglashga xizmat qiladi.

    Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida “Mustaqillik – tarixiy orzu va buyuk ne’mat” shiori ostida “Mustaqillik darsi” tashkil etildi.

    Unda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Qodir Jo‘rayev ishtirok etib, kursantlarga “Yangi O‘zbekiston dunyo xaritasida: islohotlar, imkoniyatlar va istiqbollar” mavzusida ma’ruza qildi.

    Ma’ruzada O‘zbekistonning mustaqillik yillarida jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallab borayotgani, mamlakatimizning xalqaro munosabatlar tizimiga tobora chuqur integratsiyalashayotgani, milliy manfaatlarga asoslangan proaktiv, ochiq, pragmatik va tinchliksevar tashqi siyosat izchil amalga oshirilayotgani haqida atroflicha ma’lumot berildi.

    Shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi tashabbuslari, diversifikatsiyalashgan tashqi savdo-iqtisodiy aloqalari va samarali iqtisodiy diplomatiyasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

    Dars davomida mamlakatimiz tashqi siyosati sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, transport va logistika yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, raqamli diplomatiya imkoniyatlaridan keng foydalanish, madaniy diplomatiya va “yumshoq kuch” salohiyatini samarali ishga solish, shuningdek, ekologik va suv diplomatiyasini rivojlantirish kabi dolzarb vazifalar yuzasidan ham fikr almashildi.

    Ma’ruzachi O‘zbekistonning bugungi tashqi siyosati faqat diplomatik munosabatlarni rivojlantirish bilan cheklanib qolmayotgani, balki mamlakatning xavfsizligi, iqtisodiy taraqqiyoti, xalqaro nufuzi va milliy manfaatlarini ta’minlashning muhim omiliga aylanayotganini ta’kidladi.

    Kursantlar O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosati, global va mintaqaviy tashabbuslari, mamlakatimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ma’ruza ularda mustaqillikning naqadar ulkan tarixiy ne’mat ekani, uni asrash va mustahkamlash har bir avlodning muqaddas burchi ekanini yana bir bor anglashga xizmat qildi.

    Tadbir yakunida Vatan ravnaqi, uning tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish har bir fuqaroning, ayniqsa, Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbga tayyorlanayotgan yoshlarning eng muhim vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.