
JIDUda Markaziy Osiyo mehnat bozorlarini transformatsiya qilish istiqbollari muhokama qilindi
JIDUda Markaziy Osiyo mehnat bozorlarini transformatsiya qilish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 25–26-avgust kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yashil oʻtish davrida Markaziy Osiyo mehnat bozorlarini transformatsiya qilish istiqbollari: chaqiriqlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbir JIDU tomonidan Roza Lyuksemburg jamgʻarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konferensiyada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Xitoy, Hindiston, Gretsiya va Ozarbayjondan kelgan davlat idoralari vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar mintaqaviy mehnat bozorlarining global ekologik oʻzgarishlarga moslashishi, “yashil” inson kapitalini rivojlantirish, geoiqtisodiy strategiyalar hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida adolatli oʻtish tamoyillarini amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qildilar.
Tadbirni JIDU oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Akram Umarov hamda Roza Lyuksemburg jamgʻarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Marlis Linke kirish sözi bilan ochib berishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Umid Obidxoʻjayev asosiy maʼruza bilan chiqish qildi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalqaro konsalting tashkilotlari, mintaqaning yetakchi universitetlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari koʻnikmalarni shakllantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilish, ijtimoiy himoya va chegaralararo hamkorlik masalalariga bagʻishlangan maʼruzalarini taqdim etdilar.
Munozaralar yoshlar oʻrtasidagi kvalifikatsion uzilishlarni bartaraf etish, kasb-hunar taʼlimini «yashil» mehnat bozori talablariga moslashtirish, barqaror bandlikni ragʻbatlantirish hamda tarkibiy iqtisodiy oʻzgarishlar sharoitida kasbiy oʻrnini yoʻqotish xavfi ostida boʻlgan aholining ijtimoiy-iqtisodiy zaifligini kamaytirish masalalariga qaratildi. Ushbu xalqaro konferensiya mintaqada barqaror, adolatli va har tomonlama rivojlangan mehnat bozorini shakllantirishga qaratilgan amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish uchun muhim akademik platforma boʻlib xizmat qildi.



