JIDUda “Central Asia Summer School 2026” xalqaro yozgi maktabi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

JIDUda “Central Asia Summer School 2026” xalqaro yozgi maktabi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

    JIDUda “Central Asia Summer School 2026” xalqaro yozgi maktabi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

    JIDUda “Central Asia Summer School 2026” xalqaro yozgi maktabi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

    2026-yil 29-iyun – 5-iyul kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) tomonidan “Central Asia Summer School 2026” xalqaro yozgi maktabi muvaffaqiyatli tashkil etildi. Dastur dunyoning turli mamlakatlaridan iqtidorli talabalar va yosh tadqiqotchilarni bir platformada jamlab, ularga Markaziy Osiyoning zamonaviy siyosiy, iqtisodiy va geostrategik taraqqiyotiga bag‘ishlangan intensiv akademik va madaniy dasturda ishtirok etish imkonini yaratdi.

    Avval muvaffaqiyatli o‘tkazilgan “Central Asia Winter School” tajribasiga tayangan holda tashkil etilgan ushbu mavsumiy dastur JIDUning Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro ilmiy muloqot va akademik hamkorlik markazi sifatidagi mavqeyini yana bir bor namoyon etdi.

    Yozgi maktabda ishtirok etish uchun 60 dan ortiq ariza kelib tushdi. Tanlov yakunlariga ko‘ra 22 nafar ishtirokchi saralab olindi. Ularning 21 nafari xorijiy davlatlar vakillari bo‘lib, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Shveysariya, Polsha, Ruminiya, Vengriya, Hindiston, Xitoy, Koreya Respublikasi va O‘zbekistondan tashrif buyurdilar.

    Ishtirokchilar “SOAS University of London, University College London (UCL), University of Pennsylvania, University of St Andrews, Ludwig Maximilian University of Munich (LMU Munich), Sciences Po Grenoble, University of Warsaw, LUISS University, Hankuk University of Foreign Studies (HUFS), Sun Yat-sen University, INALCO, Andrássy University Budapest, University of Regensburg, Jawaharlal Nehru University” hamda SMK kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining bakalavr, magistr va doktorantlari bo‘lib, xalqaro munosabatlar, siyosatshunoslik, iqtisodiyot, huquq, tarix va mintaqashunoslik yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.

    Dastur doirasida JIDU professor-o‘qituvchilari, diplomatlar va yetakchi ekspertlar ishtirokida fanlararo akademik ma’ruzalar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar Markaziy Osiyoning tarixiy taraqqiyoti va mintaqaviy o‘ziga xosligi, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, geosiyosiy jarayonlar, mintaqaviy hamkorlik, davlat boshqaruvi va islohotlar, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, iqtisodiy transformatsiya, Afg‘oniston bilan bog‘liq xavfsizlik masalalari, energetik diplomatiya, yashil energetika hamda transport yo‘laklari va mintaqaviy bog‘liqlik kabi dolzarb mavzularni qamrab oldi.

    Ma’ruzalar JIDUning akademik masalalar bo‘yicha birinchi prorektori va Ilg‘or xalqaro tadqiqotlar instituti (IAIS) direktori doktor Akram Umarov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti (IICA) direktori doktor Javlon Vahobov, professor Mirzoxid Rahimov, professor Ulug‘bek Ishonxo‘jayev, doktor Iskandar Abdullayev, Mirshohid Aslanov, doktor Elbek Abdullayev, professor Rovshan Alimov, doktor Hayotjon Ibragimov hamda professor Islomxon G‘afforov tomonidan olib borildi. Ularning chiqishlari nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirgan holda ishtirokchilarga mintaqadagi zamonaviy jarayonlar yuzasidan chuqur tahliliy qarashlarni taqdim etdi.

    Akademik mashg‘ulotlar bilan bir qatorda ishtirokchilar uchun boy madaniy va kasbiy dastur ham tashkil etildi. Ular Markaziy Osiyo xalqaro instituti (IICA) va Progressiv islohotlar markaziga (CPR) tashrif buyurib, ekspertlar bilan uchrashuvlarda ishtirok etdilar. Shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Islom sivilizatsiyasi markazi, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hamda Toshkent shahrining tarixiy va madaniy maskanlariga sayohat uyushtirildi.

    Yozgi maktab yakunida barcha ishtirokchilarga dastur muvaffaqiyatli tamomlanganini tasdiqlovchi sertifikatlar hamda 2 ECTS kreditini tasdiqlovchi maxsus sertifikatlar topshirildi.

    Dastur xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyo bo‘yicha ilmiy bilimlarni chuqurlashtirish hamda turli mamlakatlardan kelgan talabalar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida professional aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mintaqaning strategik ahamiyati va xalqaro hamkorlik istiqbollari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.