JIDU va MAKÜ hamkorligi doirasida Oʻzbekiston madaniyati Turkiyada keng targʻib qilindi

JIDU va MAKÜ hamkorligi doirasida Oʻzbekiston madaniyati Turkiyada keng targʻib qilindi

    JIDU va MAKÜ hamkorligi doirasida Oʻzbekiston madaniyati Turkiyada keng targʻib qilindi

    JIDU va MAKÜ hamkorligi doirasida Oʻzbekiston madaniyati Turkiyada keng targʻib qilindi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Turkiya Respublikasining Burdur Mehmet Akif Ersoy universiteti (MAKÜ) oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar yana bir muhim natija bilan boyidi. TÖMER Yozgi maktabi dasturi doirasida MAKÜda ta’lim olayotgan JIDU talabalari va Yevropa va turkiy tillar kafedrasi professor-oʻqituvchilari ishtirokida Oʻzbekistonning milliy madaniyati va an'analariga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi.

    MAKÜning Kitap Kafe madaniy maydonida oʻtkazilgan tadbirda JIDU vakillari mehmonlarga oʻzbek milliy taomlari va shirinliklarini taqdim etdilar, shuningdek, milliy musiqa namunalari orqali Oʻzbekistonning boy madaniy merosi, urf-odatlari va qadriyatlarini namoyish etdilar.

    Tadbirda MAKÜ rektori oʻrinbosari professor doktor Ogʻuz Gyursoy, universitetning TÖMER hamda Xalqaro aloqalar koordinatorligi xodimlari, JIDU professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.

    Ushbu madaniy tadbir JIDU va MAKÜ oʻrtasida amal qilayotgan ikki tomonlama hamkorlik kelishuvi doirasida tashkil etilgan TÖMER Yozgi maktabi dasturining muhim qismi boʻlib, u talabalarning nafaqat turk tilini chuqur oʻrganishi, balki Turkiya tarixi, madaniyati va ijtimoiy hayoti bilan yaqindan tanishishiga xizmat qilmoqda.

    Yozgi maktab davomida ishtirokchilar Burdur shahri va Turkiyaning boshqa hududlariga ham tashrif buyurib, mamlakatning tarixiy va madaniy merosi bilan tanishmoqdalar. Bu esa ikki davlat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

    Mazkur tadbir JIDUning xalqarolashuv strategiyasi hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarining yana bir amaliy natijasi boʻlib, kelgusida talabalar va professor-oʻqituvchilar akademik almashinuvi, qoʻshma ta’lim dasturlari hamda ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi.

    E’tiborli jihati shundaki, mazkur madaniy tadbir Turkiya ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritildi. Xususan, Burdur viloyatining bir qator nufuzli axborot portallari va yangilik saytlari ushbu tashabbusni yoritib, JIDU va MAKÜ oʻrtasidagi hamkorlik hamda Oʻzbekiston madaniyatining Turkiyada targʻib qilinishiga alohida e’tibor qaratdilar. Bu esa ikki universitet oʻrtasidagi hamkorlikning xalqaro maydondagi ijobiy imiji va nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

    Ta’kidlash joizki, mazkur hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha tashabbus 2024 yilda JIDU Yevropa va turkiy tillar kafedrasi mudirining MAKÜga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ilgari surilgan edi. Muzokaralar natijasida ikki universitet oʻrtasida ta’lim, ilmiy tadqiqot va akademik mobillik sohalarida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar ushbu tashabbuslarning izchil davomi hisoblanadi.