JIDUda ACQUIN xalqaro ekspertlar guruhi tashrifining ikkinchi kuni davom etmoqda

JIDUda ACQUIN xalqaro ekspertlar guruhi tashrifining ikkinchi kuni davom etmoqda

    JIDUda ACQUIN xalqaro ekspertlar guruhi tashrifining ikkinchi kuni davom etmoqda

    JIDUda ACQUIN xalqaro ekspertlar guruhi tashrifining ikkinchi kuni davom etmoqda

    2026-yil 30-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Germaniyaning ACQUIN akkreditatsiya agentligi xalqaro ekspertlar guruhi tashrifining ikkinchi kuni davom etdi.

    Kunning ish dasturi ekspertlar guruhining ichki yig‘ilishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng JIDU rahbariyati va universitet tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuv davomida ekspertlar JIDU faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, universitetni boshqarish va ta’lim sifatini ta’minlash tizimi, raqamli transformatsiya jarayonlari, shuningdek, universitetning 2027–2035-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasining asosiy qoidalari bilan tanishdi.

    Shuningdek JIDUning kompleks rivojlanishi hamda universitetda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy natijalariga bag‘ishlangan maxsus videomaterial ham namoyish etildi. Unda boshqaruv tizimini takomillashtirish, ta’lim va ilmiy faoliyat sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, talabalarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli transformatsiya jarayonlari hamda universitet infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yoritildi. Shuningdek, zamonaviy talablarga va xalqaro standartlarga mos, shaffof, texnologik hamda xalqaro yo‘naltirilgan ta’lim muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

    Shundan so‘ng ekspertlar guruhi ta’lim dasturlari koordinatorlari hamda professor-o‘qituvchilar bilan uchrashdi. Tomonlar ta’lim dasturlarining mazmuni va tuzilishi, o‘quv jarayonini tashkil etish, kutilayotgan ta’lim natijalari, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda talabalar bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini muhokama qildi.

    Dastur yakunida JIDU talabalari va bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ochiq muloqot davomida ta’lim sifati, akademik va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari, talabalarning universitet hayotidagi ishtiroki, shuningdek, egallangan bilim va ko‘nikmalarning keyingi kasbiy faoliyatdagi ahamiyati va talabgirligi muhokama qilindi.

    O‘tkazilgan uchrashuvlar xalqaro ekspertlarga xalqaro dasturiy akkreditatsiya jarayoni doirasida JIDUning akademik, boshqaruv va institutsional faoliyati haqida har tomonlama tasavvur hosil qilish imkonini berdi.