
JIDU va Burdur Mehmet Akif Ersoy universiteti (MAKÜ) o‘rtasidagi talabalar almashinuvi dasturi davom etmoqda
JIDU va Burdur Mehmet Akif Ersoy universiteti (MAKÜ) o‘rtasidagi talabalar almashinuvi dasturi davom etmoqda

Ayni damda JIDU Yevropa va turkiy tillar kafedrasi o‘qituvchilari va talabalari Turkiyaning Burdur Mehmet Akif Ersoy (MAKÜ) universitetida tashkil etilgan TÖMER Yozgi Maktab dasturida faol ishtirok etmoqdalar.
Ushbu universitet huzuridagi Turk tilini o‘qitish amaliyoti va tadqiqot markazi (MAKÜ TÖMER) Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) talabalari va vakillarini yozgi maktab dasturi doirasida qabul qilmoqda.
Mazkur dastur JIDU hamda Burdur Mehmet Akif Ersoy universiteti o‘rtasidagi akademik hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning til kompetensiyalarini mustahkamlash hamda xalqaro akademik mobillikni kengaytirishga qaratilgan.
Dastur davomida ishtirokchilar MAKÜ TÖMER mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan intensiv turk tili mashg’ulotlarida qatnashib til ko‘nikmalarini amaliy muhitda rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Ta’lim jarayoni bilan bir qatorda, universitetning Xalqaro aloqalar koordinatori tomonidan tashkil etilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tarixiy obidalarga sayohatlar va turli ijtimoiy uchrashuvlar orqali talabalar Turkiyaning boy tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari va zamonaviy hayoti bilan yaqindan tanishmoqdalar. Bunday tadbirlar ishtirokchilarning madaniyatlararo muloqot kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tashrif doirasida MAKÜ universiteti rahbariyati va mas’ul vakillari bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida akademik va madaniy hamkorlikni yanada kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda kelgusidagi ta’lim dasturlarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur hamkorlik ikki universitet o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va strategik sheriklikning yorqin namunasi bo‘lib, kelgusida ta’lim, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlarida yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratishi kutilmoqda.



