JIDUda ACQUIN xalqaro ekspertlar guruhining akkreditatsiya tashrifi boshlandi

JIDUda ACQUIN xalqaro ekspertlar guruhining akkreditatsiya tashrifi boshlandi

    JIDUda ACQUIN xalqaro ekspertlar guruhining akkreditatsiya tashrifi boshlandi

    JIDUda ACQUIN xalqaro ekspertlar guruhining akkreditatsiya tashrifi boshlandi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Germaniyaning ACQUIN akkreditatsiya agentligi xalqaro ekspertlar delegatsiyasi tashrif buyurdi. Tashrif universitet ta’lim dasturlarini xalqaro dasturiy akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni doirasida tashkil etildi.

    Ekspertlar uch kun davomida — 2026-yil 29–31-iyul kunlari JIDUning akademik faoliyati, ta’lim sifatini ta’minlash tizimi, o‘quv jarayonini tashkil etish, ta’lim infratuzilmasi hamda universitet boshqaruv mexanizmlarini kompleks o‘rganadi. Tashrif dasturidan universitet kampusi bilan tanishish, rahbariyat, ta’lim dasturlari koordinatorlari, professor-o‘qituvchilar, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish bo‘linmalari xodimlari, shuningdek, talabalar hamda bitiruvchilar bilan uchrashuvlar o‘rin olgan. 

    Mustaqil ekspertlar guruhi tarkibiga Germaniya, Turkiya, Malta, Avstriya va O‘zbekiston universitetlari hamda tashkilotlari vakillari — professor Pinar Gedikkaya (Bal), professor Thomas Lauer, professor Nozimaxon Gafurova, ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha xalqaro ekspert Martin Borg hamda talaba-ekspert Peter Schroeder kiritilgan. Ekspertlar guruhi faoliyati ACQUIN vakillari Janine Igl va doktor Jasmine Rudolph tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

    ACQUIN oliy ta’lim sohasida akkreditatsiya va sifatni ta’minlashga ixtisoslashgan mustaqil Germaniya notijorat agentligi hisoblanadi. Baholash jarayoni akademik ekspertlar, professional soha vakillari va talabalardan iborat mustaqil komissiya tomonidan agentlik mezonlari hamda Yevropa oliy ta’lim hududida sifatni ta’minlash standartlari asosida amalga oshiriladi.

    Tashrif davomida ta’lim dasturlarining mazmuni va tuzilishi, professor-o‘qituvchilarning malakasi, ta’lim natijalari, ichki sifatni ta’minlash tizimi, talabalar va bitiruvchilar bilan hamkorlik, raqamli boshqaruv, xalqaro hamkorlik hamda JIDUning 2027–2035-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini amalga oshirish jarayoniga alohida e’tibor qaratiladi.

    Tashrif yakunida ekspertlar guruhi universitet rahbariyatiga o‘tkazilgan tahlilning dastlabki natijalari va asosiy xulosalarini taqdim etadigan yakuniy uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

    Xalqaro akkreditatsiyaning o‘tkazilishi JIDUda ta’lim dasturlarini takomillashtirish, ichki sifatni ta’minlash tizimini mustahkamlash hamda universitetning xalqaro akademik makonga yanada faol integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim bosqich hisoblanadi.