
Neapol “L’Orientale” universiteti delegatsiyasi JIDUga tashrif buyurdi
Neapol “L’Orientale” universiteti delegatsiyasi JIDUga tashrif buyurdi

Joriy yilning 7-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Italiyaning Neapol “L’Orientale” (Sharqshunoslik) universiteti rektori, professor Roberto Tottoli hamda ushbu universitetning Markaziy Osiyo bo‘yicha mas’ul yetakchisi, professor Tommaso Trevisani tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar. Rektor S.Safoyev JIDU faoliyati va xalqaro aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘zlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, professor Roberto Tottoli JIDU bilan hamkorlik istiqbollari, qo‘shma dasturlar hamda tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi. Professor Tommaso Trevisani esa JIDU bilan hamkorlikda ilgari Erasmus+ dasturiga topshirilgan ariza haqida so‘zlab, yangi o‘quv yilida ushbu tashabbusni qayta yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, shuningdek, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni rivojlantirish borasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.