JIDUda Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi masalalariga bag‘ishlangan Toshkent muloqoti bo‘lib o‘tdi

JIDUda Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi masalalariga bag‘ishlangan Toshkent muloqoti bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi masalalariga bag‘ishlangan Toshkent muloqoti bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi masalalariga bag‘ishlangan Toshkent muloqoti bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 26-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi: yadroviy qurolni tarqatmaslikdan xavflarni boshqarish sari” mavzusida Toshkent muloqoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir JIDU huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Montereydagi Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti qoshidagi Jeyms Martin nomidagi Yadro qurolini tarqatmaslik muammolarini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Muloqot professor Anna Vasilyeva tashabbusi bilan o‘tkazilgan Monterey simpoziumi doirasida tashkil etilib, unda o‘zgarib borayotgan global yadroviy va geosiyosiy vaziyat sharoitida Markaziy Osiyoning o‘rni, yadro qurolini tarqatmaslik rejimini mustahkamlash, yadroviy va radiologik xavflarni boshqarish hamda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

    Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining birinchi o‘rinbosari, SMTI direktori Eldor Aripov hamda Middlberi xalqaro tadqiqotlar institutining Monterey tashabbusi direktori Anna Vasilyeva tabrik so‘zlari bilan chiqish qildilar.

    Jeyms Martin nomidagi Yadro qurolini tarqatmaslik muammolarini o‘rganish markazi direktori Uilyam Klark Potter asosiy ma’ruza bilan ishtirok etdi. Shuningdek, Atom energiyasi agentligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti, ilmiy-tadqiqot muassasalari va xalqaro ekspert hamjamiyati vakillari yadroviy xavfsizlik, radiatsiyaviy xatarlar, ekologik barqarorlik va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha ma’ruzalar qildilar.

    Muhokamalar davomida yadroviy obyektlar hayotiy siklining barcha bosqichlarida xavfsizlik talablariga rioya etish, avariyalar va texnologik xavflarning oldini olish, milliy nazorat organlari salohiyatini oshirish hamda Markaziy Osiyoning transport-logistika markaziga aylanishi sharoitida yadroviy va radiologik xavflarni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent muloqoti mintaqaning xavfsiz, barqaror va mas’uliyatli atom kelajagini ta’minlashga qaratilgan amaliy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim ekspertlar maydoniga aylandi.