JIDU talabalari o‘rtasida Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida viktorina tashkil etildi
JIDU talabalari o‘rtasida Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida viktorina tashkil etildi
2026-yil 5-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Siyosatshunoslik kafedrasi professor-o‘qituvchilari rahbarligida Xalqaro munosabatlar fakulteti talabalari uchun bilimlar bellashuvi – viktorina tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi talabalarning siyosiy savodxonligini oshirish, siyosiy jarayonlarni tahlil qilish qobiliyatlarini rivojlantirish hamda qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Viktorina Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi – “Sifatli ta’lim” yo‘nalishi doirasida talabalarning nazariy bilimlarini amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirish va ularning intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishga qaratilgan.
Shuningdek, tadbir davomida siyosiy institutlar faoliyati, qonun ustuvorligi, davlat boshqaruvi mexanizmlari hamda zamonaviy global siyosiy jarayonlarga oid savollar orqali talabalarning sohaga oid bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi. Bu jihatdan mazkur tashabbus Barqaror rivojlanish maqsadlarining 16-maqsadi – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” yo‘nalishiga hamohang ravishda amalga oshirildi.
Viktorina jarayonida ishtirokchilar xalqaro tashkilotlar faoliyati, global boshqaruv tizimlari va zamonaviy siyosiy tendensiyalar bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etdilar. Tadbir yakunida yuqori natijalarni qayd etgan hamda faol ishtirok etgan talabalarga sertifikatlar topshirildi.
Mazkur tadbir talabalarning siyosiy madaniyati va fuqarolik faolligini yuksaltirish, ularning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga daxldorlik hissini kuchaytirish hamda zamonaviy xalqaro munosabatlar va boshqaruv masalalariga oid bilimlarini yanada boyitishga xizmat qildi.