JIDUda “Samarali va kuchli ijtimoiy siyosatni shakllantirishda parlamentlarning roli” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

JIDUda “Samarali va kuchli ijtimoiy siyosatni shakllantirishda parlamentlarning roli” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “Samarali va kuchli ijtimoiy siyosatni shakllantirishda parlamentlarning roli” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “Samarali va kuchli ijtimoiy siyosatni shakllantirishda parlamentlarning roli” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

    2026-yil 18-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi hamda JIDU qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti hamkorligida “Samarali va kuchli ijtimoiy siyosatni shakllantirishda parlamentlarning roli” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.

    Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2026-yil 24-iyulda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi yangi rezolyutsiyasining amaliy ijrosini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

    Anjuman ishida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning yetakchi tahliliy markazlari va universitetlari, BMT tizimi, diplomatik korpus vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan 20 dan ortiq xorijiy davlat elchixonalari vakillari ishtirok etdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Shermatov hamda TST va XT markazi direktorining o‘rinbosari Valijon Hoshimov tabrik so‘zi bilan chiqish qildi.

    Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev asosiy ma’ruza bilan so‘zga chiqdi.

    So‘zga chiqqanlar samarali ijtimoiy siyosatni shakllantirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ijtimoiy adolatni mustahkamlash, shuningdek, xalqaro va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlarning muhim o‘rni borligini ta’kidladilar.

    Anjumanning birinchi sessiyasi doirasida davlat ijtimoiy siyosatining qonunchilik ta’minoti, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning roli, parlament faoliyati ochiqligini oshirish hamda fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda parlament ishtirokining zamonaviy yondashuvlarini ko‘rib chiqib, ijtimoiy rivojlanish maqsadlariga erishishda qonunchilik va jamoatchilik mexanizmlarining o‘rni haqida fikr almashdilar.

    Ikkinchi sessiya davomida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlikning o‘rni, parlamentlarning BMT tizimi muassasalari va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi, shuningdek, ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirish va aholi turmush sifatini oshirishda xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

    Tegishli rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi O‘zbekiston rahbari tomonidan 2020-yil sentyabr oyida, COVID-19 pandemiyasi avjiga chiqqan bir paytda, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi umumiy munozaralari chog‘ida ilgari surilgan edi. Inqiroz davrida yuzaga kelgan qiyinchiliklar fonida qabul qilingan rezolyutsiya Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibini amalga oshirish, ijtimoiy adolatni mustahkamlash, xotin-qizlar va yoshlarning qonunchilik faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish hamda ijtimoiy sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlarning roli ortib borayotganini tasdiqladi.

    Hujjatda O‘zbekistonning parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi alohida qayd etilgan. Xususan, Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi o‘tkazilgani va uning yakunlari bo‘yicha ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy adolat yo‘lidagi parlament harakatlari to‘g‘risidagi Toshkent deklaratsiyasi qabul qilingani yuqori baholandi.

    Rezolyutsiyani tayyorlashdan avval keng ko‘lamli diplomatik ishlar amalga oshirilib, BMTga a’zo 60 dan ortiq davlat vakillari ishtirokida beshta rasmiy va 50 dan ortiq norasmiy maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Hujjatga dunyoning barcha mintaqalaridan 61 davlat, jumladan, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Braziliya, Vyetnam, Malayziya, Singapur, Marokash, Tanzaniya, Uganda, Maldiv orollari va Papua – Yangi Gvineya hammualliflik qildi.

    Anjuman ishtirokchilari, shuningdek, ijtimoiy siyosatning qonunchilik ta’minotiga doir zamonaviy yondashuvlarni, parlament diplomatiyasini rivojlantirish, qonun chiqaruvchi organlarning BMT tizimi va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi, aholi turmush sifatini oshirish yo‘lida xalqaro hamkorlikni kengaytirish mexanizmlarini muhokama qildilar.

    Anjuman yakunida ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha xalqaro kun tartibini amalga oshirishda parlamentlar ishtirokini kengaytirish, parlament diplomatiyasini mustahkamlash hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida qonun chiqaruvchi organlar, BMT tizimi va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar va amaliy tavsiyalar belgilab olindi.