
JIDUda Koreya Respublikasining sobiq tashqi ishlar vaziri Pak Chin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda Koreya Respublikasining sobiq tashqi ishlar vaziri Pak Chin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyevning Koreya Respublikasining sobiq tashqi ishlar vaziri Pak Chin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida tomonlar ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Koreya ilg‘or fan va texnologiyalar instituti — KAIST o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Koreya Respublikasi O‘zbekistonning ta’lim, raqamli transformatsiya, yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda zamonaviy akademik dasturlarni joriy etish sohalaridagi muhim hamkorlaridan biri ekani ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan, Koreya Respublikasining yetakchi ilmiy-ta’lim markazlaridan biri bo‘lgan KAIST bilan hamkorlik JIDU uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Tomonlar qo‘shma ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ma’ruzalar, seminarlar va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, shuningdek, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, xalqaro munosabatlar va innovatsion rivojlanish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar JIDU va Koreya Respublikasining ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda amaliy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Bunday tashabbuslar universitetning xalqaro akademik aloqalarini kengaytirish hamda yangi avlod raqobatbardosh mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Ta’kidlash joizki, KAIST Koreya Respublikasining fan, texnologiyalar, muhandislik va innovatsiyalar sohalariga ixtisoslashgan yetakchi ilmiy-tadqiqot universitetlaridan biridir. QS World University Rankings 2025 reytingida universitet dunyo bo‘yicha 53-o‘rinni egallagani uning yuqori xalqaro akademik nufuzini tasdiqlaydi.



