
JIDU va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘rtasida memorandum imzolandi
JIDU va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘rtasida memorandum imzolandi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘rtasida ilmiy va akademik hamkorlik sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasida ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirish, ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda iqtisodiyot va moliya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ko‘maklashishga qaratilgan.
Memorandum doirasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, seminar-treninglar, mahorat darslari, konferensiya va forumlar tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Markaziy bank mutaxassislarini JIDUda mehmon-o‘qituvchi sifatida jalb qilish hamda o‘quv dasturlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Hamkorlik doirasida JIDU bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlari talabalari uchun Markaziy bankda amaliyot o‘tash imkoniyatlari yaratiladi. Bundan tashqari, innovatsion va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni rivojlantirish va tijoratlashtirish yo‘nalishida ham hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur memorandum JIDU va Markaziy bank o‘rtasidagi ilmiy-amaliy aloqalarni yanada mustahkamlash hamda talabalar va tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.



