JIDU Yuridik klinikasida notarial faoliyatga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

JIDU Yuridik klinikasida notarial faoliyatga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

    JIDU Yuridik klinikasida notarial faoliyatga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

    JIDU Yuridik klinikasida notarial faoliyatga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

    2026-yil 20-may kuni JIDU Yuridik klinikasida “Xalqaro huquq” fakulteti talabalari va bo‘lajak notariuslar klubi a’zolari uchun mahorat darsi tashkil etildi. Tadbir “Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Azizova Nigina Muratovna tashabbusi bilan yuridik fanlar nomzodi Ubaydullayev Ziyodulla Sagdullayevich, o‘qituvchi Xallakova Aziza Baxodirovna hamda O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi katta konsultanti Usmonova Zulfiya Enverovna hamkorligida o‘tkazildi.

    Mahorat darsi “O‘zbekiston Respublikasi huquq tizimida notariatning o‘rni” va “Notariatning xalqaro modellari” mavzulariga bag‘ishlandi. Tadbir davomida talabalarga notarial faoliyatning huquqiy asoslari, notariatning fuqarolar huquqlarini himoya qilishdagi ahamiyati hamda zamonaviy huquq tizimidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.

    Shuningdek, bo‘lajak notarius uchun zarur bo‘lgan kasbiy va shaxsiy fazilatlar — huquqiy savodxonlik, mas’uliyat, e’tiborlilik, kasbiy etika va samarali muloqot ko‘nikmalari muhokama qilindi. Talabalar notarial amaliyotda eng ko‘p uchraydigan hujjatlar va notarial harakatlar, jumladan bitimlar, ishonchnomalar, vasiyatnomalar hamda meros huquqlarini rasmiylashtirish tartiblari bilan tanishdilar.

    Uchrashuv davomida notarius huzurida amaliyot o‘tash, malaka imtihonlarini topshirish tartibi va notarial faoliyat bilan shug‘ullanish uchun qo‘yiladigan talablar yuzasidan ham amaliy tavsiyalar berildi. Ayniqsa, xorijiy tillarni biladigan va diplomatik muloqot ko‘nikmalariga ega notarius mutaxassislariga bo‘lgan ehtiyoj alohida ta’kidlandi.

    Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi konsullari ishtirokida navbatdagi mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirildi. Bunday uchrashuvlar talabalarning amaliy tayyorgarligini oshirish, professional hamjamiyat bilan aloqalarni mustahkamlash hamda notarial faoliyatga bo‘lgan qiziqishni rivojlantirishga xizmat qiladi.