
Barqaror rivojlanish maqsadlari amalda: talabalar “ECO AUTUMN MARATHON” ekologik-salomatlik marafonini o‘tkazdilar
Barqaror rivojlanish maqsadlari amalda: talabalar “ECO AUTUMN MARATHON” ekologik-salomatlik marafonini o‘tkazdilar

2026-yil 3-noyabr kuni Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 2-kurs talabalari ishtirokida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) bag‘ishlangan “ECO AUTUMN MARATHON – MOVE FOR A HEALTHIER FUTURE!” ekologik-salomatlik marafoni bo‘lib o‘tdi. Tadbir Ingliz tili kafedrasi o‘qituvchilari: Tashpulatova N.B., Zaripova F.Sh. va Akmalova Z.N. rahbarligida tashkil etildi.
Loyihaning asosiy yo‘nalishi sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini BRM bilan bog‘lash bo‘ldi. Marafon oldidan ingliz tili darslarida BRMning global ahamiyati bo‘yicha o‘tkazilgan nazariy muhokamalardan so‘ng, talabalar o‘z tashabbuslari bilan mazkur loyihani ishlab chiqdilar. Tadbirda quyidagi maqsadlar qamrab olindi:
BRM 3 – Sog‘liq va farovonlik
BRM 13 – Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash
Marafon doirasida talabalar sog‘lom hayot va jismoniy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi yugurish va sport mashqlarini bajardilar (BRM 3), shuningdek, Botanika bog‘i hududida plogging — yugurish jarayonida maishiy chiqindilarni yig‘ish va saralash aksiyasini o‘tkazdilar (BRM 13). Bundan tashqari, ishtirokchilar ochiq havoda o‘zlarining ekologik g‘oyalari va global iqlim o‘zgarishi muammolariga doir fikrlarini akademik ingliz tilida taqdim etib, muhokama qildilar.
Loyiha talabalarning ekologik va ijtimoiy mas’uliyatini oshirib, ularning jamoada ishlash hamda ingliz tilidagi kasbiy-akademik muloqot ko‘nikmalarini amalda mustahkamlashga xizmat qildi.
| Sana: | 04.11.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 4 |
| Ulashish: |




