
“Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha talabalar forumi – 2026” tashkil etildi
“Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha talabalar forumi – 2026” tashkil etildi

2026-yil 13-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani M. Abdullayeva hamda “Siyosatshunoslik” kafedrasi o‘qituvchilari M. Abduraxmanova, N. Kushayeva va D. Xudoyberganovalar tomonidan “Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha talabalar forumi – 2026” tashkil etildi.
Forum davomida ishtirokchilar o‘z ilmiy izlanishlari asosida zamonaviy global muammolarni tahlil qilish, ularning sabab va oqibatlarini yoritib berish hamda amaliy yechimlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Talabalar turli davlatlar tajribasini o‘rganib, ularning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi yondashuvlarini qiyosiy tahlil qildilar hamda mavjud muammolar yuzasidan o‘z yechim va takliflarini izohlab berdilar. Tadbir doirasida ekologik xavfsizlik, ijtimoiy tenglik, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim sifati, gender tengligi va xalqaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy muloqot maydoniga aylanib, talabalar o‘rtasida innovatsion va tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga xizmat qildi. Ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan tezislar ekspertlar tomonidan saralanib, eng yaxshi ilmiy ishlar bir nechta nominatsiyalar asosida taqdirlandi.
Tadbir yakunida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda yoshlarning o‘rni va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
| Sana: | 13.05.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 104 |
| Ulashish: |




