
Xalqaro xususiy huquqda oila munosabatlari bo‘yicha mahorat darsi
Xalqaro xususiy huquqda oila munosabatlari bo‘yicha mahorat darsi

Joriy yilning 6-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro huquq” fakultetining 3-bosqich talabalari uchun “Xalqaro xususiy huquqda oila munosabatlari” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Mahorat darsi “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy-huquqiy fanlar” kafedrasi mudiri Masadikov Sherzodbek hamda ushbu kafedra professori Imamova Dilfuza tomonidan tashkil etildi.
Mahorat darsini o‘tkazish uchun xalqaro xususiy huquqda oila munosabatlari sohasi mutaxassisi, yuridik fanlar doktori, Toshkent davlat yuridik universiteti “Xalqaro xususiy huquq” kafedrasi professori Rahmonqulova Nilufar Xo‘ji-Akbarovna taklif etildi.
Tadbir davomida Nilufar Rahmonqulova nikoh tuzish sohasida yuzaga keladigan kollizion masalalarni, xususan, nikohning shakli, tuzish tartibi va shartlariga nisbatan qo‘llaniladigan huquq masalalarini yoritib berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarda nikoh tuzish shartlari, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida mustahkamlangan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirokidagi oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi normalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan nikohlarni tan olish masalalari haqida ma’lumot berildi. Alohida e’tibor er-xotinlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda yuzaga keladigan kollizion masalalarga, jumladan, er-xotinlarning shaxsiy va mulkiy munosabatlariga nisbatan qo‘llaniladigan huquq masalalariga qaratildi.
Talabalar muhokama etilgan mavzuga katta qiziqish bildirdilar, munozaralarda faol ishtirok etdilar, turli savollar berdilar va ularga batafsil hamda asoslantirilgan javoblar oldilar.
Mazkur mahorat darsining o‘tkazilishi Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi 16-maqsad “Tinchliksevar va inklyuziv jamiyat qurishga ko‘maklashish, barcha uchun odil sudlovdan foydalanishni ta’minlash hamda barcha darajalarda samarali, hisobdor va inklyuziv institutlarni shakllantirish”, xususan, qonun ustuvorligini ta’minlash va barcha uchun odil sudlovga teng imkoniyat yaratishga qaratilgan 16.3-vazifani amalga oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, tadbir Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasidagi 17-maqsad “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik”, xususan, ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan 17.6-vazifani amalga oshirishga ham hissa qo‘shadi.
Mahorat darsi akademik muloqotni rivojlantirish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash va xalqaro xususiy huquq sohasida ta’lim jarayonini takomillashtirishga munosib hissa bo‘ldi.




